Koronavirus: Rossiyada yangi antirekord, Xitoyda yangi cheklovlar

Jahon 21:54 / 30.10.2021 36758

Jons Hopkins Universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 246 milliondan ortiq kishi koronavirusdan zararlangan, 5 millionga yaqin kishi vafot etgan.

Shu bilan birga, hozirda haftalik kasallanish holatlari yozdagi ko‘rsatkichlar bilan solishtirganda ancha kamroq: o‘tgan haftada butun dunyo bo‘ylab 3 millionga yaqin kishi kasallangan, avgustda esa bir haftada kasallanganlar soni 4,5 millionga yetgandi.

Ammo dunyoning ko‘plab mamlakatlarida pandemiyaning yangi to‘lqini kuzatilmoqda va ayrim davlatlarda hukumatlar yangi cheklov choralari qo‘llamoqda. Virus ayniqsa Sharqiy Yevropa, xususan Rossiyada, shuningdek Buyuk Britaniyada tez tarqalmoqda.

Rossiyada pandemiya boshidan buyon eng ko‘p kunlik holatlar qayd etildi - bir kunda 40 251 kishida kasallik aniqlandi. Nisbatan eng ko‘p holatlar Moskvada ro‘yxatga olinmoqda - 7267 kishi.

So‘nggi bir kunda Rossiyada koronavirusdan yana 1160 kishi vafot etdi. Bir kun oldin antirekord qayd etilgandi - 1163 o‘lim - bu pandemiya davridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Shanba kuni Rossiyada majburiy ta'til boshlanadi - Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan haftada 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha bo‘lgan kunlarni epidemiyaning yangi to‘lqini tempini pasaytirish maqsadida ishlanmaydigan kunlar rejimi e'lon qilgandi.

Moskvada qat'iy cheklovlar payshanba kuni boshlanib ketgan - kafe va restoranlar yopilgan, do‘konlar ishlamayapti - faqat birinchi navbatda zarur mahsulotlar sotuvchilaridan tashqari. Dorixonalar ham ochiq. Amalda xizmat ko‘rsatish sohasidagi deyarli barcha muassasalar faoliyati to‘xtatilgan - go‘zallik salonlaridan tortib shinomontajgacha.

Rossiyada koronavirusning navbatdagi to‘lqini sentabr oyi oxirida boshlandi. So‘nggi bir oy ichida mamlakatda kasallanish darajasi ikki barobar ortdi. So‘nggi haftalarda deyarli har kuni rekord ko‘rsatkichlar (ham kasallanish va ham o‘lim holatlari) yangilandi.

Hukumat koviddan o‘lim darajasi yuqoriligini aholining katta qismi vaksina qabul qilmagani bilan izohlamoqda.

Olimpiadagacha yuz kun

Hukumat pekinliklarga jiddiy zaruratsiz shaharni tark etmaslikka chaqirmoqda /EPA 

Pekinda o‘tkaziladigan Qishki olimpiadaga yuz kundan kamroq vaqt qoldi va hukumat kasallik tarqalishining har qanday darajasini bartaraf etish uchun qat'iy choralar ko‘rmoqda. Xitoy kovidga umuman toqatsizlik qilmaslik siyosatini davom ettirmoqda, ya'ni hukumat virusni to‘liq yo‘q qilishga intilmoqda.

O‘tgan bir kunda Xitoyda 78ta yangi kasallanish holati ro‘yxatga olingan - bu 16 sentyabrdan keyingi, so‘nggi olti haftadagi maksimal ko‘rsatkichdir. Xitoyning ayrim shimoliy hududlarida karantin kiritilgan, millionlab kishilardan test olingan.

Xitoy sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha qo‘mitasi vakili Mi Fen epidemiya hamon tez sur'atlarda tarqalayotganini tan olgan. Pekinning markaziy tumanlaridan biri Sichenda, milliondan ortiq kishi yashaydigan hududda 14 noyabrga qadar barcha kinoteatrlar yopiq bo‘ladi. Hukumat pekinliklarga shaharni zaruratsiz tark etmaslikni, shuningdek rejalashtirilgan har qanday ommaviy tadbirlarni, masalan to‘ylarni keyinroqqa ko‘chirishni tavsiya etmoqda.

Yangi holatlar qayd etilgan provinsiyalarda qat'iy koronavirus cheklovlari joriy etilgan, aholiga uydan faqat birinchi navbatda zarur bo‘luvchi mahsulotlar xaridi uchungina chiqish so‘ralmoqda. Harakatlanishga qo‘yilgan cheklovlar 6 milliondan ortiq kishini qamrab olgan.

JSST yangi virus paydo bo‘lishini prognoz qildi

Kelajakda Yer yuzida insoniyat nazorat qila olmaydigan xavfli virus paydo bo‘ladi. Bu haqda JSST rahbari Tedros Gebreyyesus G20 davlatlari moliya va sog‘liqni saqlash vazirlarining Rimda o‘tkazilgan yig‘ilishida ma'lum qildi.

U Yerda tarqalishini to‘xtatib bo‘lmaydigan yana bir virusning paydo bo‘lishi «biologiya nuqtayi nazaridan shubhasiz» hisoblanishini aytib o‘tdi.

«Ushbu pandemiyani tugatsak ham, biz u bergan darsdan xulosa chiqarishimiz va keyingisiga tayyorlanishimiz kerak. Biologiya nuqtayi nazaridan qaysidir onda biz shunchaki ushlab tura olmaydigan virusning paydo bo‘lishi shubhasiz», dedi u.

U «yuqori darajadagi xavflar»ga qarshi kurashda «yuqori darajadagi siyosiy ishtirok» zarurligini ta'kidlagan.

JSST rahbari, shuningdek, dunyoda vaksinalardan foydalanishda tenglik yo‘qligiga e'tibor qaratib, hozirda virusga qarshi sayyora aholisining 36 foizi to‘liq emlangani, Afrikada esa ushbu ko‘rsatkich «atigi 6 foiz» ekanini eslatib o‘tgan.

Dunyoda yana nimalar bo‘lmoqda?

GETTY IMAGES
  • Tinch okeanidagi Tonga oroli ham endi koronavirusdan xoli hudud emas. Polineziya qirolligidagi ilk kasallanish holati Yangi Zelandiyadan kelgan turistda qayd etilgan. U to‘liq emlangan va sayohatdan oldin izolyatsiyada bo‘lgandi. Mamlakat bosh vaziri Poxiva Tuionetoa aholini ehtimoliy lokdaun haqida ogohlantirgan. Shundan keyin tongaliklar shoshilinch ravishda vaksina qabul qilishga kirishishdi. Qirollik aholisining 31 foizga yaqini to‘liq emlangandi.
  • Ruminiyada yangi cheklovlar kuchga kirgan - soat 22:00 dan ertalabki soat 5:00gacha komendantlik soati amal qiladi, shuningdek, yopiq binolar ichida tibbiy niqob taqish majburiy hisoblanadi. So‘nggi kunlarda mamlakatda har kuni o‘rtacha 400-500 kishi koronavirusdan vafot etmoqda. Ruminiyada koronavirusdan o‘lim darajasi million kishiga 230dan ortiqni tashkil etadi. Yevroittifoqda bu ko‘rsatkich - har millionga 24 o‘lim holatiga teng. Yozda Ruminiya o‘z hududida vaksinaga talab pastligi vaksina partiyalarini Irlandiya, Daniya va Vetnamga sotgandi.
  • Chexiyada ham cheklovlar amal qilmoqda; Polsha hukumati yangi karantin choralarini joriy etilishini istisno etmayapti, ammo mamlakatda to‘liq lokdaun kiritilishi rejalashtirilmagan.
  • Avstraliya yangi kasallanish to‘lqinining oldini olish maqsadida aholini aralash vaksinalar bilan bo‘lsa ham emlamoqchi. Sidney va Melburnda vaziyat yaxshilanib, antivirus cheklovlari yumshatilmoqda.
  • AQShda 1 noyabrdan 5-11 yoshlilarni ham emlash boshlanadi.
Ko‘proq yangiliklar: