Sayyorani plastik chiqindilar bilan eng ko‘p ifloslantirayotgan kompaniyalar ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 19:16 / 29.10.2021 18610

Eng ko‘p plastik chiqindi yorliqlari Coca-Cola, PepsiCo va Unilever kompaniyalariga tegishli, deb yozadi rb.ru.

Ma'lum qilinishicha, Breakfreefromplastic harakatining 11 mingdan ortiq ko‘ngillilari tomonidan suv omborlari qirg‘oqlarida o‘rganishlar o‘tkazildi. Ular 45 mamlakat qirg‘oqlarida topilgan plastik chiqindilarni o‘rganib chiqishdi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, Coca-Cola sayyorani eng ko‘p ifloslantiruvchi bo‘lib chiqdi. Mazkur kompaniya yorliqlari yopishtirilgan plastik chiqindilar 39 mamlakatdan topildi. Ikkinchi o‘rinda Coca-Cola’ning raqobatchisi PepsiCo. Kosmetika va shaxsiy gigiyena mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Unilever kompaniyasi esa uchinchi o‘rinda.

Ko‘ngillilar 39 mamlakatdan 19,8 ming dona Coca-Cola plastik chiqindilarini topishgan. PepsiCo kompaniyasi plastik chiqindilari esa ikki baravar kamroq – 8,2 ming dona. 6 ming donaga yaqin plastik chiqindi elementlari Unilever kompaniyasiga tegishli.

Breakfreefromplastic har yili sayyorani eng ko‘p ifloslantiruvchi kompaniyalar ro‘yxatini tuzadi. Uch yildirki, Coca-Cola va PepsiCo ro‘yxatda yetakchilik qilib kelmoqda. O‘tgan yili Unilever o‘rnini Nestle egallagan.

Ko‘proq yangiliklar: