Rossiyada bir sutkada 40 mingdan ortiq kishida koronavirus aniqlandi

Jahon 22:09 / 28.10.2021 4704

Rossiyada oxirgi sutkada koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 40 096ta holat qayd etildi. Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha shtab ma'lumotiga ko‘ra, 1 159 nafar bemor vafot etdi. Har ikki ko‘rsatkich pandemiya davri uchun rekord hisoblanadi.

Sutkalik o‘lim holatlari uchinchi kundirki maksimum ko‘rsatkichni yangilamoqda. Kecha 1123ta, seshanba kuni 1106ta o‘lim qayd etilgandi, bungacha esa maksimum ko‘rsatkich shanba kuni bo‘ldi – 1075ta o‘lim. Mamlakatda o‘n kundan beri mingdan ortiq o‘lim holatlari yuz bermoqda.

Eng ko‘p vafot etganlar Moskvada - 95 kishi (bu 27 iyuldan buyon eng yuqori ko‘rsatkich), Peterburgda 70 kishi vafot etdi (chorshanba kuni 74 kishi). Shtab pandemiya davrida koronavirusdan vafot etganlar sonini 235 057 kishi deb baholamoqda. Avvalroq Rosstat pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda Covid-19 infeksiyasiga chalingan 400 mingdan ortiq bemor vafot etganini bildirgandi.

Kasallik yuqish holatlari sentyabrda o‘sa boshladi va keyingi oyda keskin kuchaydi. 14 oktyabr kuni ilk bor bir sutkada 30 mingdan ortiq holat qayd etildi. Bungacha eng yuqori ko‘rsatkich 2020 yil 24 dekabrda kuzatilgandi - 29 935ta holat.

Shtab ma'lumotiga ko‘ra, eng ko‘p holatlar Moskvaga to‘g‘ri kelmoqda – bir sutkada 8440ta yangi holat qayd etildi.  

Moskvada 8 mingdan ortiq holat yoz boshlarida aniqlangan, 19 iyun kuni 9 120ta holat qayd etilgandi. So‘ngra  kasallik yuqishi kamayib, 1 sentyabrda 1229 kishida infeksiya aniqlangandi. 

Moskvadan keyingi o‘rinlarda Peterburg (3 186 holat) va Moskva oblasti (2 639 holat) turibdi. Nijyegorodsk va Sverdlovsk oblastlarida ham kasallik yuqishi va o‘lim holatlari yuqori darajada.

Hukumat vaziyatning bunday tus olishini aholining emlanishni istamayotgani bilan izohlamoqda.  

Rossiyada to‘liq emlangan aholi ulushi juda pastligicha qolmoqda - Our World in Data ma'lumotiga ko‘ra, 23 oktyabr holatiga bu ko‘rsatkich 32,8 foizni tashkil etdi.

28 oktyabr kuni Moskva, Moskva oblasti va yana to‘rt regionda ishlanmaydigan kunlar davri boshlandi. 

Moskvada infratuzilma ishlashini ta'minlaydigan va to‘xtovsiz siklda ishlaydigan korxonalardan tashqari barcha kompaniya va tashkilotlar faoliyatini to‘xtatadi. Faqat oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar hamda teatr va muzeylar ishlashi mumkin (QR-kodlar bilangina).

Go‘zallik, kosmetika, spa va massaj salonlari, solyariylar, hammom va saunalar, sport majmualari, fitnes-klub va basseynlar, kimyoviy tozalash, kir yuvish korxonalari, maishiy xizmat tashkilotlari va avtoservislar ishlamaydi.

Maktab o‘quvchilari 7 noyabrgacha ta'tilga chiqdi, bolalar bog‘chalarida esa navbatchi guruhlar tashkil etiladi. Shifoxona va poliklinikalar rejali tibbiy yordam ko‘rsatishda davom etadi, ammo stomatologga faqat o‘ta zarur hollarda murojaat qilish mumkin bo‘ladi. 

Payshanbadan Xakasiyada Rossiyadagi eng qat'iy lokdaun boshlandi – shaharlarda jamoat transporti faoliyati to‘xtatildi, soat 22:00dan komendantlik soati e'lon qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: