Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jabrlanuvchining salomatligi jiddiy nazoratga olingan. Unga barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilyapti va muolaja jarayonlari davom etmoqda.
«Bemor M. K. joriy yilning 18 oktabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Tezkor tekshiruvlar natijasida unga katatravma, qo‘shma jarohat, o‘ng o‘tirgich va qov suyaklarining sinib siljishi, quymuch suyagining o‘ng tomonda sinib qoniqarli turishi, beshinchi bel umurtqasi yon o‘sig‘ining sinib qoniqarli turishi, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona sohasi ezilib yirtilgan jarohati, travmatik shok ikkinchi darajasi tashxislari qo‘yilgan.
Bemor olib kelinganida peshona sohasiga birlamchi jarrohlik ishlovi berilib, tikilgan. Shokka qarshi amaliyotlar o‘tkazilib, markazning travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Shundan so‘ng mazkur bo‘limda belgilangan standartlar asosida unda qator terapiya amaliyotlari bajarilgan.
Shuningdek, har kuni jarohatiga xirurgik ishlov berilgan. Uch kun davomida dinamikada UZI qilingan. Qon tahlillari tekshirilgan. Qo‘shimcha mutaxassislar jalb qilingan.
Hozir bemorning dinamikada ahvoli qoniqarli. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tajribali shifokorlari tomonidan muolajalar davom ettirilmoqda», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Bundan oldinroq Nemolchi.uz loyihasi talaba Mushtariybonu Kamilovaning murojaatini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 18 oktabr kuni ushbu talaba Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevning xonasiga kirgan va u shu yerda hujumga uchragan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasini zo‘rlashga qaratilgan xatti-harakatlar amalga oshirilgani haqidagi xabar Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda va natijalari ma’lum qilinadi.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevga nisbatan 19 oktabr kuni JKning 118- (nomusga tegish) va 105- (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u 23 oktabr kuni qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi.