World Prison Brief tomonidan qamoqxonalarda saqlanayotgan mahbuslar soni bo‘yicha mamlakatlar reytingi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston qamoqxonalarida jami 22,8 ming nafar mahbus bor va ularning soni bo‘yicha reytingda 62-o‘rinda qayd qilingan.
Bundan tashqari, mamlakatlarda har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan mahkumlar soni ham hisoblab chiqilgan. Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston World Prison Brief reytingida 223 davlat orasida 179-o‘rinni egallagan. Mamlakatda har 100 ming kishiga 68 nafar mahkum to‘g‘ri keladi.
Ushbu ko‘rsatkichlar Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida quyidagicha: Turkmaniston qamoqxonalarida 35000 nafar (har 100 ming kishiga 576 nafar), Qozog‘iston qamoqxonalarida 29403 nafar (har 100 ming kishiga 157 nafar), Qirg‘iziston qamoqxonalarida 10142 nafar (har 100 ming kishiga 161 nafar) Tojikiston qamoqxonalarida 8000 nafar (har 100 ming kishiga 83 nafar) mahbus bor.
Reytingda 1-o‘rinda AQSh qayd etilgan. Mamlakat qamoqxonalarda jami 2 mln 68 ming 800 nafar amerikalik mavjud. Shuningdek, AQShda har 100 ming kishining 629 nafari qamoqxonalarda.
Hududida biror mahkum bo‘lmagan San-Marino esa oxirgi, 223-o‘rinni egallagan.