“Tolibon” harakati tuzgan Afg‘oniston muvaqqat hukumati O‘zbekiston oldidagi elektr energiya bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq uzish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ma'lum qildi.
“Biz muhokama o‘tkazdik, muvaqqat hukumatning energetika yo‘nalishi bo‘yicha mas'ul vakillari, “Afg‘oniston elektr tarmoqlari” [EKA] kompaniyasi vakillari bo‘ldi. Vaziyat imkon berishi bilan - hozirda bu mamlakatda bank tizimi faoliyati va muvaqqat hukumatning tan olinishi bilan bog‘liq masalalar bor, EKAdagi hamkorlar mavjud qarzni zudlik bilan uzadi. Ammo bunga qaramasdan, biz elektr energiya yetkazib berishda davom etamiz”, – dedi u rossiyalik jurnalistlarga bergan intervyusida.
Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent Kobulga elektr yetkazib berishni bir soatga ham to‘xtatmadi, Afg‘oniston O‘zbekistondan ehtiyojiga muvofiq elektr energiyasini to‘liq hajmda olmoqda.
16 oktyabr kuni Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.
Xabar qilinishicha, muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqalar, chegara xavfsizligini ta'minlash, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.