21 oktyabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov regulyatorning 2022-2023 yilgacha bo‘lgan rejalarini ma'lum qildi.
“2022 yilda YaIMning real o‘sishi 5,6-6 foizni, inflatsiya darajasi esa 8-9 foizni tashkil etishi, 2023 yilda esa YaIM o‘sishi 6 foiz atrofida, inflatsiya 2023 yil oxiriga borib 5 foizga pasayishi kutilmoqda”, – dedi Markaziy bank raisi.
Uning ta'kidlashicha, rejalarni amalga oshirish uchun asosiy va muqobil ssenariylar ishlab chiqilgan. Muqobil reja iqtisodiy o‘sishga salbiy ta'sirlar oshgan taqdirda qo‘llaniladi.
“Asosiy ssenariyda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri sifatida xususiy ichki va tashqi va iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar kiradi. 2024 yilgacha bo‘ladigan o‘sishimiz birinchi navbatda shu ikki omil asosida shakllanishiga urg‘u beryapmiz.
Iste'mol bozorida raqobat muhitini rivojlantirish, konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish, mehnat unumdorligini oshirish hamda hududlarda savdo-sotiq infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi islohotlarga muhim shart sifatida qaraymiz. Chunki hozirgi aytib o‘tilgan islohotlar narx-navo shakllanishida omil hisoblanadi.
Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi pandemiya bilan bog‘liq vaziyat normallashib transchegaraviy cheklovlar yumshatilishi, turizm va yuk tashish, iqtisodiy faollik yanada jadallashib investitsion va iste'mol tovarlarining o‘sishi eksport tovarlari hajmining ijobiy dinamikasi oshishini ko‘zda tutganmiz”, – deya MB raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mamarizo Nurmurotov jahondagi vaziyat keskinlashganda muqobil rejaga o‘tish borasida ham gapirdi.
“Iqtisodiyotga salbiy ta'sirlar oshib ketganda, iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsadida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, narxlar barqarorligini ta'minlash o‘rtasida muvozanatni ta'minlashga alohida e'tibor qaratamiz. Pul-kredit siyosatimizda ma'lum bir yumshatishlarga yo‘l qo‘yib, iqtisodiy faollik, narxlar barqarorligini ta'minlash e'tiborimizda bo‘ladi”, – deya ta'kidladi u.
Avvalroq, Markaziy bank yillik asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani ma'lum qilingandi.