O‘zbekiston Qahramoni Anatoliy Panin 72 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston 15:03 / 21.10.2021 3637

Navoiy kon-metallurgiya kombinati faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Anatoliy Panin 2021 yil 21 oktyabr kuni 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda kombinat rasmiy saytida ma'lum qilindi.

“Anatoliy Nikolayevich Panin mehnat faoliyatini 1970 yilda Shimoliy kon boshqarmasi “Sharqiy” kareri ekskavator mashinisti yordamchiligidan boshlab, 1977-1983 yillarda ekskavator mashinisti, 1983-2019 yillarda ekskavator mashinistlari brigadasi brigadiri vazifasida ishlagan.

U ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida kon-metallurgiya sohasida boy tajriba to‘plab, ulkan jamoada o‘z kasbining haqiqiy jonkuyari, ustoz-murabbiy sifatida hurmat-e'tibor topdi. U Qizilqum sahrosini o‘zlashtirishga qo‘shgan munosib hissasi, ibratli fazilatlari, mehnatsevarligi, jonajon Vatanimizga cheksiz muhabbati va sadoqati bilan ko‘pmillatli xalqimizning qalbidan haqli ravishda chuqur joy olgan fidoyi inson edi. Har doim zimmasidagi mas'uliyatni chuqur his etib, tajribali ekskavatorchi sifatida ulkan kon texnikalari yuqori unum bilan ishlashini ta'minlab keldi”, deyiladi kombinat mehnat jamoasining ta'ziyanomasida.

Anatoliy Panin 1995 yilda prezident farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi. Shuningdek, ko‘p yillik fidokorona mehnatlari, soha rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 1, 10, 20, 25 yillik esdalik nishonlari, “NKMK faxriysi” unvoni, uchala darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.

Ko‘proq yangiliklar: