“Bolasi ruscha gapirib, o‘zbekchani bilmayotganidan o‘ksinish o‘rniga xursand bo‘lishyapti” - filolog bilan suhbat

Jamiyat 17:57 / 21.10.2021 17028

Lotin yozuviga o‘tishga yetmagan 30 yil

Suhbatimiz avvalida O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi hanuzgacha oxiriga yetmayotgani haqida gaplashdik.

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, lotin yozuvini ilk o‘rganishni boshlagan avlod maktab bitirish davriga kelib, davlatdagi barcha sohalar to‘liq lotin yozuviga o‘tgan bo‘lishi kerak edi. Ya'ni 9-10 yil bir alifbodan ikkinchi alifboga o‘tishga yetarli bo‘lgan. Oradan salkam 30 yil o‘tibdiki, lotin yozuvida bitirgan aksar yoshlar ham kirill yozuvida ish yuritishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Sherali Turg‘unovning fikricha, bu holga o‘rta qatlam, ya'ni hozirda rahbarlik lavozimida ishlayotgan, savodi esa kirill yozuvi bilan chiqqan fuqarolar sabab bo‘lmoqda. Filologning aytishicha, ushbu avlod vakillari lotin yozuvini o‘rganishdan ko‘ra, qonun ijrosi bajarilmasligidan manfaatdor bo‘lgan.

Imlo qoidalari tilning talaffuz tabiatidan kelib chiqishi kerak”

Filologning ta'kidlashicha, “sh”, “ch”, “ng” kabi harf birikmalarini bir harf ko‘rinishiga keltirish aholi imloviy savodxonligini oshirishga yechim bo‘la olmaydi. Mutaxassisning fikricha, imlo qoidalarini o‘zbek tili talaffuzi tabiatidan kelib chiqib o‘zgartirish kerak.

Sherali Turg‘unov o‘quvchilar imloda ko‘proq o‘zlashma so‘zlarda xato qilishini aytdi. Unga ko‘ra, tilshunoslik shakllanayotgan paytlarda rus tilshunosligidan ko‘r-ko‘rona olingan qoidalar va imloni yengillashtirishga olib boruvchi kerakli me'yorlar qabul qilinmagani bugun yozuv murakkablashishiga olib kelgan.

“Shoir so‘zida bir “y” tovushi qo‘shib talaffuz qilinsa ham, shoir deb yoziladi, Ko‘ryapsizmi, murakkablashish qayerdan boshlanadi”, – deydi filolog.

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sherali Turg‘unov

Uning aytishicha, ruslar ham, inglizlar ham, umuman boshqa ko‘plab tillarning tilshunoslari ham o‘zlashma so‘zlarni o‘z nutqiga moslagan tarzda me'yorlashtirgan. Filolog Turg‘unovning misol keltirishicha, nemis shoiri Haynrix Hayneni ruslar Genrix Geyne deya o‘zgartirgan, bunga sabab esa ularda “h” tovushining yo‘qligidandir.

“H” va “X” masalasi

Mutaxassis, o‘quvchilar va talabalar tomonidan eng ko‘p beriladigan savolga sabab bo‘luvchi va ko‘plarning imlo qoidalarida xato qilishiga sababchi bo‘g‘iz tovushini ifodalovchi “h” va til orqa tovushini ifodalovchi “x” haqida alohida to‘xtaldi.

Sherali Turg‘unovning aytishicha, o‘zbek va xususan turkiy xalqlarda bo‘g‘izdan chiqadigan ham, til orti “x” ham yo‘q. Sherali Turg‘unovning ta'kidlashicha, turkiylarda bitta oraliqdagi h tovushi bor, xolos.

“Ko‘plab joylarda, har xil soha vakillaridan, o‘quvchi va talabalardan diktant olishga to‘g‘ri keladi. Agar matnda sakkizta joyda “h” va “x” tovushlari qatnashgan bo‘lsa, boshqa o‘rinda xato qilmagan bo‘lsa ham 2 olgan holatlari bo‘ladi”.

Mutaxassis shunga o‘xshash masalalarni o‘zbek tili tabiatidan kelib chiqib me'yorlashtirish kerakligini ta'kidlaydi.

“Kelajak avlod ona tiliga muhabbat bilan tarbiyalanmas ekan, bu til o‘limga mahkum”

Sherali Turg‘unov yosh avlodni ona tiliga muhabbat bilan tarbiyalash oiladan, ota-onadan boshlanishi kerakligini aytdi. So‘ngra ikki hayotiy voqeani misol keltirdi.

“Bolamizning tili ona tilimizda chiqishi kerak”

“Bir tojikzabon tanishim shaharda ishlar edi. Menga yangi uy olayotganini va ijarada emas, o‘z uyida yashashini aytdi. Oradan ozroq vaqt o‘tib, qishloqdan ishga qatnayotganini aytib qoldi. Sababini so‘rasam, bolamizning tili shaharda o‘zbekcha chiqa boshladi, biz esa uning tili avvalo ona tilimizda chiqishini xohlaymiz. Chunki bizda shunaqa. Ya'ni avvalo o‘z tilimizni bilsin dedi. Bu esa meni o‘ylantirib qo‘ydi”.

“Bolasi ruscha gapirib, o‘zbekchani bilmayotganidan o‘ksinish o‘rniga xursand bo‘lishmoqda”

“Ikkinchi holat esa tirikchilik sababi bilan Rossiyada ikki-uch yil oilasi bilan yashab kelgan o‘zbek tanishim bilan sodir bo‘ldi. U safarda farzandli bo‘ldi va bolasining tili o‘sha yurt tilida chiqdi. Vataniga qaytganda ko‘rgani bordik. Farzandi rus tilida so‘zlashar, o‘zbek tilida to‘g‘riroq salomlashishni ham bilmasdi. Ota-onasi, qarindosh urug‘lari va yaqinlari bu holatdan o‘ksinish o‘rniga, bundan xursand bo‘lishardi”.

Filolog bu ikki holatdan hamma o‘ziga kerakli xulosa chiqarishi mumkinligini ta'kidlaydi. Agar biz o‘z tilimizga shunday munosabatda bo‘lar ekanmiz, boshqalardan tilga e'tiborni talab qilish befoyda bo‘ladi.

Tohirjon Tursunov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: