31 dekabrgacha ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinmoqda

Iqtisodiyot 14:47 / 21.10.2021 15625

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Qonun bilan respublikada go‘sht mahsulotlari va asosiy iste'mol mahsuloti bo‘lmish kartoshkaga bo‘lgan talab va narxlar barqarorligini ta'minlash orqali aholi daromadlarini oshirish maqsadida Soliq kodeksiga qo‘shimcha kiritilmoqda.

“Xususan, Soliq kodeksining 483-moddasiga 2021 yil 10 oktyabrdan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yish mahsulotlari, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha qo‘shimcha norma kiritilmoqda”, deb xabar berdi Senat axborot xizmati.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullangan.

Avvalroq O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxini barqaror saqlash maqsadida 2021 yil oxirigacha o‘simlik yog‘i qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etilgan, biroq bu narx-navoga ta'sir ko‘rsata olmagandi.

Shuningdek, 2022 yil 1 maygacha import qilinadigan sitrus mevalar ham bojxona bojidan ozod qilingandi.

O‘tgan yili ham go‘sht, shakar, yog‘ va kartoshka QQSdan vaqtincha ozod qilingan, bu pandemiya davrida aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: