Zaharli moddalar ko‘milgan maxsus obektlar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari belgilandi

O‘zbekiston 08:10 / 20.10.2021 1809

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar ko‘milgan hamda saqlanayotgan maxsus obektlar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning "Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi negizida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tashkil etilgan.

Hujjat bilan belgilanishicha, zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar ko‘milgan hamda saqlanayotgan maxsus ombor va poligonlar Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.

Quyidagilarni moliyalashtirish manbalari belgilandi:

  • maxsus obektlarni konservatsiya va rekonstruksiya qilish, margimush chiqindilarini boshqa joyga ko‘chirib ko‘mish, shu jumladan, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bog‘liq chora-tadbirlar - ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan;
  • maxsus obektlarni joriy saqlash xarajatlari - Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
  • yangi joyni joriy saqlash xarajatlari -mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan.

Davlat ekologiya qo‘mitasiga quyidagilarni ta'minlash topshirildi:

  • maxsus obektlarda olib boriladigan rekultivatsiya va obodonlashtirish ishlarining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishini;
  • har chorakda maxsus obektlar atrofida zaharli moddalarning tarqalishini aniqlash bo‘yicha tuproq va yer osti suvlari tarkibi kimyoviy tahlildan o‘tkazib borilishini.
Ko‘proq yangiliklar: