Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati rasmiy munosabatiga ko‘ra, Muborak tumani «Mash'al» MFYda yashovchi fuqaro A.T. 2021 yil 31 avgust kuni soat 11:00larda telefon orqali 102 xizmatiga murojat qilgan. U murojaatida davlat idoralariga o‘zini Kun.uz saytining muxbiri deb tanishtirgan shaxs agar shartnoma tuzib, 2 mln 600 ming so‘m pul bermasa, tumandagi salbiy holatlarni Kun.uz saytida e'lon qilib yuborish bilan tahdid qilganini bildirgan.
Natijada, mas'ul idora vakili uning qo‘liga 100 AQSh dollari va 500 ming so‘m pul bergan, shuningdek, uning talabiga ko‘ra, T.R. ismli fuqaro (ayol) plastik karta raqamiga 1 mln so‘m o‘tkazib bergan.
Biroq, keyinchalik o‘zini Kun.uz sayti muxbiri sifatida tanishtirgan shaxs aslida G‘uzor tumanida yashovchi fuqaro M.A. ekanligi, u Kun.uz sayti xodimi emasligini bilgach, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchi M.A.ga nisbatan Muborak tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tahririyatdan:
Bu kabi voqealar sayt nufuziga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkinligi, shu sababli yuqoridagi kabi shaxsiy manfaat, tamagirlik va tovlamachilik kabi holatlarning oldini olish maqsadida tahririyat shtatida turgan jurnalistlar va muxbirlar haqidagi ma'lumotlar Kun.uz jamoasi bo‘limida joylashtirilgan.
Kun.uz muxbirini qanday tanib olish mumkin?
Murojaatchilar bilishi kerakki, siz tahririyatga yo‘llagan murojaatni o‘rganish uchun Kun.uz muxbiri sizdan hech qanday pul yoki xizmat talab qilmaydi. Barcha xarajatlar tahririyat hisobidan qoplanadi.
Rahbarlar yoki mutasaddilar huzuriga borgan Kun.uz muxbiri avvalo o‘zini tanishtirib, albatta sayt tomonidan taqdim etilgan xizmat guvohnomasini ko‘rsatadi yoki uning sayt tomonidan taqdim etilgan xizmat beyjigi bo‘ladi.
Yuqoridagi suratlarda tasvirlangan guvohnoma yoki beyjik egasini saytga kirib, tahririyatda ishlash-ishlamasligini tekshirib ko‘rish mumkin.
Agar sizning huzuringizga Kun.uz’da ishlayman deb borgan muxbirning ism-familiyasi va fotosurati tahririyat a'zolari ro‘yxatida bo‘lmasa, demak u Kun.uz’dan emas. Ushbu holatda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish tavsiya etiladi.