“O‘zbekneftgaz”: UNG Petro 70dan ortiq AYoQShda iste'molchilarga neft mahsulotlari yetkazib bermoqda (video)

O‘zbekiston 21:37 / 20.10.2021 7978

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 fevraldagi 143-sonli “O‘zbekneftgaz” AJ samaradorligini oshirishga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq va “O‘zbekneftgaz” AJning 2019 yil 7 avgustdagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish bayonnomasi asosida UNG brendi ostida neft mahsulotlarini sotishni amalga oshiruvchi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ining boshqaruv kompaniyasi sifatida UNG Petro MChJ tashkil etildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ayni paytda avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchalarini qabul qilish va uzatish, neft mahsulotlarini yetkazib berishda uzilishlar ro‘y berishining oldini olish va ular faoliyatining to‘xtab qolmasligi borasida faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda korxona balansida respublika bo‘ylab 70 dan ortiq avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari mavjud bo‘lib, 2000 mingga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda.

Hozirgi kunda avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i orqali “O‘zbekneftgaz” AJning neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarilgan “AI-80”, “AI-91” rusumdagi benzin, “AI-92” markali import benzini hamda mahalliy “Yevro – 4” va “Yevro – 5” dizel yonilg‘isi sotish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli UNG milliy brendi ostida neft va gaz mahsulotlari sotishni amalga oshiruvchi yonilg‘i qo‘yish stansiyalari tarmog‘ini birlashtiruvchi UNG Petro korxonasi 2020 yil 21 may kunidan e'tiboran, yuridik shaxslarga ham xizmat ko‘rsatishni boshlamoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Iste'molchilarga qulaylik yaratish va ularning huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida kunu tun ishlaydigan “ishonch telefoni” tashkil etildi va barcha avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchalarida bu haqda e'lon ilib chiqildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, 2020 yil 13 may kuni korxonaga qarashli barcha Avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalarida mahsulot sifati va miqdori bo‘yicha tekshiruv o‘tkazib kelinmoqda. Iste'molchilarga sifatli benzin va dizel yonilg‘isi yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida monitoring va tekshiruv ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, harorat pasayishini hisobga olgan holda yonilg‘i mahsulotlarini to‘kish hamda quyish moslamalarining zichligi ta'minlandi. Tozalash inshootlari, kanalizatsiya, drenaj va suv bilan ta'minlash tarmoqlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilindi hamda ishchi-xodimlar mavsum uchun maxsus kiyim-bosh, poyabzallar bilan ta'minlandi.

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyul kunidagi PQ–4779-son qaroriga muvofiq respublikada elektrmobillarga xizmat ko‘rsatish uchun infratuzilmasi, shu jumladan, zaryadlash stansiyalari va servis markazlarini tashkil etishning rag‘batlantirish chora-tadbiri belgilangan.

Ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi tomonidan berilgan topshiriqqa asosan, UNG Petro MChJga qarashli AYoQShlarda quvvatlantirish tizimlari o‘rnatilmoqda.

Jumladan, UNG Petro MChJga qarashli Toshkent shahrida, Samarqand shahrida elektromobillarni quvvatlantirish mobil stansiyalari modullarini ishlab chiqaruvchi tezkor zaryadlash tizimlari o‘rnatildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

UNG Petro korxonasi rahbari Mirzohid Musayev benzin sifatini bir me'yorda saqlab turish uchun uning doimiy nazorati yo‘lga qo‘yilgani hamda maxsus ko‘chma laboratoriya yordamida uzluksiz o‘rganish ishlari olib borilayotgani haqida ma'lum qildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: