O‘zbekiston qanday qilib yirik gaz eksportyoridan sof importyoriga aylandi?

O‘zbekiston 17:51 / 27.12.2024 13534

O‘zbekistonda gaz tanqisligi bilan bog‘liq muammolar milliy iqtisodiyot va aholi turmushiga juda yomon ta’sir qilmoqda. Qish oylarida isimayotgan uylar, metan shoxobchalaridagi uzundan uzun navbatlar, o‘n minglab tadbirkorlarning tarmoqdan uzilishi... Bu zararlar qiymati hisob-kitob qilinmaydi, aksincha, “ko‘pga kelgan to‘y”, “anomal qish” degan vajlar bilan xaspo‘shlanadi xolos.

13 yilda 30 foizlik qisqarish

Har qanday mamlakat, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham tabiiy gaz resurslari strategik ahamiyatga ega. Bu mamlakat iqtisodiyoti, energetik xavfsizligi va tashqi savdo balansiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi generatsiyasining 70 foizdan ortig‘i gaz hisobiga amalga oshiriladi. Gaz qazib olish esa qisqarib boryapti. Xususan, 2010–2023 yillar oralig‘ida bu qisqarish qariyb 30 foizni yoki 19,2 mlrd kub metrni tashkil qilgan.

Statistika agentligi ma’lumotlaridan kelib chiqilsa, 2010-2023 yillar oralig‘ida tabiiy gaz qazib olish hajmi 30 foizga qisqargan:

Joriy yilda ham gaz qazib olishdagi pasayish davom etyapti. Masalan, yanvar-noyabr oylarida 40,7 mlrd kub gaz qazib olingan, bu 2023 yilning mos davriga nisbatan 4,7 foizga kam. Keyingi yilda vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. Masalan, mamlakatdagi eng yirik gaz qazib oluvchi “O‘zbekneftgaz” 2025 yilda 26,5 mlrd metr kub tabiiy gaz qazib olishni rejalashtiryapti. Bu hajm 2024 yilgi prognozdan 2,8 mlrd kub metrga, 2022 yildagi qazib olish hajmidan 5,7 mlrd kub metrga kam.

Oxirgi yillarda kompaniya gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun milliardlab dollar qarz oldi, ammo bu natijalarda aks etayotgani yo‘q. Masalan, keyingi yil ham ishlab chiqarish loyihalari va geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun 2 mlrd dollarlik xorijiy kreditlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Gaz eksport qiluvchi davlatdan sof importyorlikkacha

O‘zbekiston uzoq yillardan beri xorijga gaz eksport qiluvchi davlat bo‘lib kelgan. Lekin 2020 yildan boshlab eksport keskin qisqara boshladi.

2017 yilda 1 mlrd 390 mln dollarlik, 2018 yilda 2 mlrd 424 mln dollarlik, 2019 yilda 2 mlrd 257 mln dollarlik, pandemiya yili bo‘lgan 2020 yilda 478 mln dollarlik, 2021 yilda 717 mln dollarlik, 2022 yilda 911 mln dollarlik, 2023 yilda esa 530 mln dollarlik gaz eksport qilingan.

2018-2023 yillar oralig‘ida xorijga gaz sotish qiymat jihatdan qariyb 4,6 barobarga kamaygan.

O‘zbekiston gazi asosan Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilib kelinardi. 2020 yilda Rossiyaga eksport to‘xtatildi, Xitoyga yetkazib berish hajmi ham kamaya boshladi.

Alohida to‘xtalib o‘tish lozimki, shu paytgacha o‘zbek gazini xorijga sotish narxi biror marta ochiqlanmagan va bu “tijoriy sir” sifatida tavsiflanadi.

Joriy yilning dastlabki 11 oyida 593 mln dollarlik gaz eksport qilindi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,5 foizga ko‘p. Taqchillik sabab gaz eksporti qisqarib borayotgan bo‘lsa-da, to‘xtagani yo‘q. Bu rasmiy Toshkent va Pekin o‘rtasida gaz oldi-sotdisi bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma borligi bilan izohlab kelinadi, shartnoma shartlari jamoatchilikka ochiqlanmagan.

O‘tgan yildan boshlab rasmiylar mahalliy qazib olish taqchilligini Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilish hisobiga qoplashni boshladi. Jumladan, 2023 yilning avgust oyida rasmiy Toshkent va Ashxobod yiliga 2 mlrd kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli bitim imzoladi. Oktyabr oyidan boshlab esa rus gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start berildi. Shu tariqa, uzoq yillar davom etgan noratsional iqtisodiy va energetik siyosat oxir-oqibat gazga boy mamlakatni boshqa davlatlarning gaziga muhtoj qilib qo‘ydi.

O‘zbekiston 2023 yilda 695 mln dollarlik gaz import qilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 1 mlrd 552 mln dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 barobarga ko‘paydi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, Ustyurtdagi konlarda olib borilayotgan geologik ishlar kutilganidek bo‘lmasa, xorijdan gaz importi 2030 yilga borib 10-11 mlrd kub metrga yetishi mumkin.

Gaz bo‘yicha boshqa kelishuvlar kabi, import shartnomalari shartlari ham ochiqlangani yo‘q. Rossiya OAVga ko‘ra, o‘tgan yili rus gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga importi 1,22 mlrd kub metrni tashkil etgan. O‘zbekiston tomoni har 1000 kub metr gazni taxminan 160 dollardan sotib olgan. Taqqoslash uchun, Qirg‘iziston tomoni doimiy ravishda xarid narxiga oid ma’lumotlarni ochiqlab keladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni respublika rus gazini qariyb 112 dollardan sotib olmoqda.

Umuman olganda, 2023 yilda O‘zbekistonning gaz eksporti va importi o‘rtasidagi salbiy farq 165 mln dollarni, 2024 yilning 11 oyida esa 959 mln dollarni tashkil etdi.

Turkman gazini sotib olish uchun tarixiy imkoniyat

Dunyoda tabiiy gazga boy davlatlar juda ko‘p. Ulardan biri – yon qo‘shnimiz Turkmaniston. Statista ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiy Ashxobodning tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari qariyb 14 trln kub metrni tashkil etib, dunyoda Rossiya, Eron, Qatar va AQShdan keyin beshinchi o‘rinda turadi. Mamlakat yirik sanoat ishlab chiqarish quvvatlariga ega emasligi sababli qazib olingan gazning asosiy qismi eksport qilinadi. So‘nggi yillarda Turkmanistonda qazib olish hajmi ham keskin ko‘paytirildi. Masalan, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 66 mlrd kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 80,6 mlrd kub metrgacha oshirilgan.

Turkman gazining asosiy xaridor mamlakatlari Xitoy, Rossiya va Eron bo‘lib kelgan. Shu yilning yozida Rossiya bilan gaz shartnomasi muddati tugadi va yetkazib berish to‘xtatildi. 2019 yilda tuzilgan shartnomaga muvofiq, “Turkmengaz” “Gazprom”ga yiliga 5,5 mlrd kub metrgacha gaz yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Ayni vaziyatda Turkmaniston o‘z gazini baribir kimgadir sotishi kerak. Transkaspiy quvuri orqali Yevropaga eksportni amalga oshirish hozircha faqat istiqbolli loyiha shaklida mavjud xolos. “Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston” (TAPI) gaz quvurini qurish ishlari ham katta mablag‘ talab qilishi sababli juda sekin ketyapti va hali ko‘p yil davom etadi.

Mavjud vaziyat O‘zbekistonga energetika muammosini arzon, qulay va uzoq muddatga hal qilish uchun tarixiy imkoniyat taqdim etishi mumkin. Noyabr oyining boshida ikki davlat rasmiylari gaz yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi, ammo uzoq muddatli shartnoma tuzish haqida hozircha ma’lumotlar mavjud emas.

O‘zbekistonning gaz zaxiralari qancha?

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1 trln 867 mlrd kub metrga baholangan edi va joriy qazib chiqarish hajmlarida bu zaxiralar kamida 34 yilga yetishi ma’lum qilingandi. O‘sha yilning fevral oyida sobiq energetika vaziri Alisher Sultonov “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida “gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi” deya ta’kidlagandi.

2023 yilning avgust oyida O‘zbekistonda 296 ta neft-gaz koni mavjudligi, ularda jami 1 trln 854 mlrd kub metr gaz zaxiralari borligi ma’lum qilingan. 296 ta neft-gaz konidan 122 tasi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lib, respublika umumiy gaz zaxirasining teng yarmi – 933 mlrd kub metri ushbu konlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

OPEK tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda O‘zbekistondagi gaz zaxirasi 1 trln 522 mlrd kub metrga baholangan va dunyodagi umumiy gaz hajmining 0,74 foizi bilan 22-o‘ringa joylashtirilgan. Boshqa bir xalqaro manbada esa bu ko‘rsatkich 1 trln 840,5 mlrd kub metr ekani ko‘rsatilib, O‘zbekiston eng ko‘p tabiiy gaz zaxirasiga ega davlatlar qatorida 17-o‘rinda qayd etilgan.

Gaz qazib olish hajmini oshirish mumkinmi?

Bir necha o‘n yilliklarga yetadigan zaxiramiz bor ekan, xorijdan gaz sotib olmay, shuni ishlatsak bo‘lmaydimi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. O‘tgan yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham tabiiy gaz qazib olish hajmini yiliga 62 mlrd kubga yetkazish vazifasi qo‘yilgandi. Bu – ishlab chiqarish hajmi 7 yil ichida 33 foizga oshishi kerakligini anglatadi.

Ammo vaziyat yaxshilanayotgani yo‘q. Aksincha, oydan oyga gaz qazib olish hajmi kamayishda davom etyapti. Rasmiylarga ko‘ra, ko‘pgina konlarda qazib olish texnologik va iqtisodiy jihatdan qiyinlashgan, ishlab chiqarish xarajatlari qimmatlashgan, ishlab chiqarishni oshirish uchun sarmoya kerak. Ayni paytda, gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha oxirgi yillarda qabul qilingan dasturlar, tashqi qarzlar va budjetdan yo‘naltirilgan katta miqdordagi mablag‘larning samarasi ko‘rinayotgani yo‘q. Mamlakat esa tashqi bozorlarga tobora ko‘proq qaram bo‘lib boryapti

Ko‘proq yangiliklar: