Chexiyada siyosiy inqiroz: Prezident noma'lum tashxis bilan kasalxonada, u vakolatidan mahrum qilinishi mumkin

Jahon 21:03 / 20.10.2021 8568

10 kun avval Chexiyada parlament saylovlari o‘tkazildi. Unda Zemanning do‘sti bo‘lmish bosh vazir Andrey Babishning partiyasi muxolifatga imkoniyatni boy bergandi. Ertasiga mag‘lub bo‘lgan Babish bilan ko‘rishgach, Zemanning salomatligi yomonlashib, jonlantirish bo‘limiga tushib qolgandi. Shifokorlarga unga qanday taxshis qo‘yilgani haqida ma'lumot berish taqiqlangan. OAVda esa prezident jigar sirrozidan aziyat chekayotgani yozildi. Prezident vakillari bu ma'lumotni rad etib kelishmoqda.

Dushanba kuni Chexiya parlamenti yuqori palatasi spikeri Milosh Vistrchil prezident ortiq o‘z vazifasini bajara olmasligini ma'lum qildi. U Pragadagi harbiy gospital bosh shifokoridan olgan ma'lumotlarini aytgan. Spikerning so‘zlariga ko‘ra, shifokor Zemanning holati murakkabligi va uning ishga qaytish ehtimoli past ekani haqida gapirgan.

Seshanba kuni Chexiya politsiyasi prezident administratsiyasi rahbarlariga nisbatan surishtiruv boshladi. Politsiya prezidentning salomatligi haqida ma'lumotlarning tarqatilishi, hatto uning kasallik tarixini ham surishtirmoqda. Ayblovlar orasida sabotaj varianti ham bor. Bu borada konkret ayblov ham ilgari surilgan – mamlakat konstitutsion tuzumi va mudofaasiga salbiy ta'sir ko‘rsatish. Shuningdek, davlat organlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va mansab vakolatini suiiste'mol qilish ayblovlari ham ilgari surilgan.

Zeman 8 noyabrda har ikki palata deputatlari uchrashuvi haqida qarorga imzo chekkan. Politsiya o‘sha imzo ham prezidentning atrofidagi kimdir tomonidan soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini tekshiryapti.

Impichment varianti

Chexiya senatining konstitutsion komissiyasi salomatligi yomonlashgani sabab Zemanni vakolatidan mahrum qilish jarayonini boshlashni taklif qilgan.

«Komissiya a'zolari prezident Milosh Zemanning salomatligi haqida Praga markaziy harbiy gospitali tomonidan yuborilgan hujjatlarni diqqat bilan o‘rgandi. Unda prezidentning holatini aniqlash murakkab darajada ekani va u o‘z vakolatlarini bajarishga qodir emasligi yozilgan. Shu sabab komissiya mamlakat konstitutsiyasi 66-moddasini faollashtirgan holda prezidentni vakolatini vaqtincha mahrum qilishni taklif qiladi», deydi Chexiya senati konstitutsion komissiyasi rahbari Zdenak Graba.

Chexiya parlamenti yuqori palatasi spikeri Vistrichal ham shu fikrni aytdi: «Afsuski, bizda boshqa variant yo‘q. 66-moddani qachon va qay tartibda faollashtirish haqida o‘ylashimiz kerak».

Prezident vakolatlari yuqori va quyi palata vakillari o‘rtasida ovoz berish jarayonida ko‘proq ovoz berilgan taqdirda bekor qilinadi. Bunday holatda prezident vakolatlari quyi palata spikeri va uning tanlovi bilan tayinlanadigan bosh vazirga o‘tadi.

Chexiya senatining navbatdagi yig‘ilishi 26 oktyabr kuni o‘tkaziladi va shu kuniyoq Zemanning prezidentlik vakolatlarini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilinishi mumkin. 10 kun oldin saylangan quyi palata esa yangi tarkibdagi ilk yig‘ilishini 8 noyabrda o‘tkazadi.

Milosh Zeman saylovda Babishni uning partiyasi yetarli ovoz to‘plamasa ham bosh vazir etib tayinlashini aytgandi. Endilikda Zemanning ketishi muxolifat uchun hukumatni ortiqcha to‘siqlar va muammolarsiz shakllantirish imkonini berishi mumkin.

Babish impichment masalasini qoraladi va uning o‘rniga Chexiya prezidenti administratsiyasi rahbari Vratislav Minarj iste'foga chiqishi kerakligini aytdi. «Janob Minarj prezidentga qilishi mumkin bo‘lgan yagona yaxshiligi iste'foga chiqishi bo‘ladi. Uning harakatlari sabab vaziyat shunchalikka kelib qoldi», dedi Babish matbuot anjumanida.

Chexiya va Germaniya prezidentlari faxriy qorovul oldidan o‘tmoqda. Endi Zeman o‘z qarorgohiga qaytishi dargumon / Getty Images

Agar parlamentning ikki palatasi ham Zemanning vakolatlarini bekor qilish haqida qaror chiqarsa, Chexiya prezidenti vakolati vaqtincha bekor qilinishi mumkin. Ya'ni faqat prezident salomatligi yaxshilangunga qadar. Bu holatda prezidentning asosiy funksiyasi quyi palata spikeriga o‘tadi.

Mamlakat siyosiy hayotida o‘zgarishga sabab bo‘lgan parlament saylovlarida bosh vazir Andrey Babish boshqaruvidagi ANO harakati («Norozi fuqarolar aksiyasi») muxolif kuchlarga mag‘lub bo‘lib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Saylovda Fuqarolik demokratik partiyasi, Xristian-demokratlar kengashi va TOP 09 partiyalaridan iborat «Birgalikda» («Vmeste») koalitsiyasi g‘alaba qozondi. Koalitsiya vakillari quyi palati spikeri va bosh vazir ularning odami bo‘lishi kerakligini aytishmoqda.

Zemanning vakolatidan mahrum qilinishi uning o‘rinbosari deb qaralgan 67 yoshli Andrey Babish uchun jiddiy zarba bo‘ladi. Chunki Zeman uni har qanaqasiga bosh vazir etib tayinlashini aytgandi. Babishning o‘zi esa hukumatga yopishib olmasligi va unga taklif qilishsa ham, bosh vazirlikdan ketishini aytdi.

Oldinroq Zeman quyi palata yangi tarkibda 8 noyabr kuni yig‘ilish o‘tkazishi borasida qaror chiqargan va faqat shu uchrashuvdan keyingina yangi hukumatni tashkil etish jarayoni boshlanadi.

77 yoshli Milosh Zeman 2013 yildan buyon Chexiya prezidenti lavozimida ishlab keladi. Chexiyada prezident 5 yil muddatga saylanadi. Bir kishi faqat ikki marta o‘z nomzodini ko‘rsatishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: