Besamar qolayotgan ikki yillik urinishlar. Jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik uchun javobgarlik qachon belgilanadi?

O‘zbekiston 14:31 / 20.10.2021 10164

Jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik uchun jazo belgilashga, ommaviy axborot vositalari xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun qabul qilinishi haqidagi takliflar so‘nggi yillarda bir necha bor tilga olib o‘tildi.

2019 yildayoq jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. 2020 yilda javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi yana bir qonun loyihasi e'lon qilindi.

2021 yil boshida yana bir loyiha – yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasi e'lon qilindi. Unda ham jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik joriy etish ko‘zda tutilgan. Biroq hozirga qadar yuqoridagi loyihalarning hech biri qabul qilinmadi.

Jurnalistlarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ustidan parlamentga murojaat etish huquqini qonuniylashtirish masalasi ham qanday ochilgan bo‘lsa, shunday ochiqligicha qoldi.

O‘tgan yili parlamentda ko‘rilgan masala – OAVga ma'lumot bermaslik yoki noto‘g‘ri ma'lumot berganlik uchun javobgarlik belgilash ham qog‘ozda qolib ketgan edi.

Biroq, unchalik kuchli zarurat bo‘lmasa-da, so‘nggi vaqtlarda ayrim qonunlar qabul qilinayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Masalan, kuni kecha hokimiyat vakiliga qarshilik uchun javobgarlik kuchaytirilganini yodga olishimiz mumkin.

Avvalgi jazolar huquqbuzarlarni “tarbiyalab qo‘yish” uchun yetarli emasmidi, degan haqli savol tug‘iladi. Bu hujjat parlamentda muhokama qilinishidan to kuchga kirguniga qadar 2 oy vaqt yetarli bo‘lgani taajjubli.

E'tiborlisi, hokimiyat vakillariga qarshilik uchun jazoni kuchaytirish masalasi 2021 yilgi Davlat dasturida yo‘q edi. Lekin dasturning 17-bandida so‘z erkinligini ta'minlash va OAVni har tomonlama rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni kuchaytirishga oid prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangandi. Biroq AOKA tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi “idoralararo kelishish jarayonida” bir necha oydirki “chang bosib” yotibdi.

Darvoqe, Senat tarkibida Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash masalalari qo‘mitasi tuzilganiga ham 3 oydan oshib qoldi. Ammo, jurnalistlarga tahdidlar uyushtirilgan bir qancha holatlar bo‘yicha qo‘mita tomonidan biror amaliy harakat sezilgani yo‘q.

Jamoatchilik esa masalani kun tartibiga olib chiqishdan charchamayapti. Shu yilning sentyabr oyida “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligini bildirdi.

Deputat Rasul Kusherbayev esa avvalgi chaqiriqdagi parlament deputatlari bilan bu masalada bir necha bor harakat qilib ko‘rgani, lekin “ayrim idoralar” buni xohlamaganini qayd etdi.

“Ehtimol yil oxirigacha”

AOKA direktori Asad Xodjayevning Kun.uz savoliga javoban ma'lum qilishicha, jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash masalasi yil oxirigacha hal bo‘lishi mumkin.

“Jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha loyihaning birinchi shaklini tayyorlab, muhokamaga chiqargan edik. Hozirgi paytda davlat boshqaruvi organlari bilan kelishuv jarayonlari o‘tkazildi, hozir loyihaning ikkinchi shaklini tayyorlayapmiz.

Tayyor bo‘lgach, kelishish uchun avvalambor hukumatga, keyinchalik Qonunchilik palatasiga kiritamiz. Bu loyiha qachon e'lon qilinishini aniq ayta olmaymiz. Lekin bizning mo‘ljalimiz bo‘yicha yilning oxirigacha bu jarayonlarning hammasi tugashi kerak”, – dedi Xodjayev 19 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida.

Shavkat Mirziyoyev: Jurnalistlarga bosim o‘tkazish uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim”

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham jurnalistlar himoyasi dolzarb ekanini bot-bot qayd etib keladi. Jumladan, 2020 yil 24 yanvar kungi parlamentga murojaatnomasida davlat rahbari shunday degan edi:

“Bundan keyin ham “to‘rtinchi hokimiyat” vakillarining erkin va xolis faoliyat yuritishlari [...] uchun barcha shart-sharoitlarni yaratamiz.

Joylardagi muammo va kamchiliklarni ro‘yirost ochib berish, ularni haqqoniy yoritishlarida men professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”.

2021 yil 16 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanida hokimlar, faollar va yoshlar bilan uchrashuvda yana bir bor OAV ochiqligi haqida so‘z ochdi:

Ommaviy axborot vositalari ochiqligi bo‘yicha tanlagan yo‘limiz, so‘z erkinligi bo‘yicha siyosatimizdan orqaga qaytmaymiz. Bu albatta ayrimlarga yoqmaydi. Lekin aynan ular jamiyatimizda ko‘pchilikni qiynayotgan jiddiy muammolar haqida bizni ogohlantiryapti”.

Prezident 2021 yil 4 fevral kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida OAV vakillariga murojaat qildi:

“Sizlar menga ko‘makchi, yelkadoshsiz. Yutug‘imizni ham, kamchiligimizni ham xalqimizga adolat bilan yetkazuvchi kuch deb bilaman. Sizlardan bitta narsani iltimos qilaman, izlanishdan erinmanglar, adolatni xalqqa yetkazishdan qo‘rqmanglar. Ortingizda prezident bor. U zamonlar o‘tib bo‘ldi. Endi orqaga yo‘l yo‘q. Faqat adolat, adolat, faqat haqiqat! Qancha ko‘p haqiqatni yetkaza olsak, shuncha ko‘p manfaat bo‘ladi”.

Davlat rahbari 2021 yil 26 iyun kuni matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasb bayramiga atalgan tabrik nutqida ham OAV vakillariga bosim uchun javobgarlik masalasiga to‘xtaldi:

O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari ijodiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va zarur texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalarni kuchaytirish lozim”.

Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zLiDeP qurultoyida yana shu mavzuda so‘z ochdi:

Ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davom ettirilib, jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Men haqiqat va adolatni o‘z e'tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni islohotlarning faol ishtirokchilari, deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo‘ladi. Bu fikrni bugun yana bir bor ta'kidlayman”.

ncwdhyqcW7919IvzQGvh3f4OYoEZ2dDJ.jpg (1280×853)
Foto: Milliy mass-media fondi

Prezidentlikka nomzod kuni kecha saylovoldi uchrashuvlaridan birida so‘z erkinligi masalasida yana bir bor qat'iy bayonot berdi.

“Men har safar ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida gapiraman. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, menga ular yoqadi. Nimaga? Ular ham zamon bilan birga, O‘zbekiston bilan birga o‘zgaryapti. Ular ham zamonga munosib bo‘lib, adolat nuqtayi nazaridan maqolalar chiqaryapti, adolat nuqtayi nazaridan borib hokimlarga savol beryapti”.

Hatto qo‘shnilarimizda ham jurnalistga qarshilik Jinoyat kodeksiga kiritilgan

Shaxsan davlat rahbarining o‘zi bir necha yillardan beri OAV va jurnalistlarning jamiyat rivojidagi ahamiyati, ularni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish haqida qayta-qayta ta'kidlayotgan bo‘lsa-da, tushunarsiz sabablarga ko‘ra jurnalistlarni himoya qilishga qaratilgan qonun qabul qilinmay qolmoqda.

Vaholanki, jurnalistlarning huquqlari qonun bilan kafolatlanmaganini ko‘rsatib turgan o‘nlab hodisalarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu hol hali yana davom etishidan biror hamkasbimiz kafolatlanmagan.

Jamoatchilikning faol qatlamini tashvishga soladigan biror qonunni qabul qilish jarayonida tashabbuskorlar va parlament vakillari xorij tajribasini keltirishni juda yaxshi ko‘rishadi. Jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun hatto qo‘shni davlatlarda azaldan jinoiy javobgarlik mavjudligini esa birov eslamaydi ham.

Hokimiyat vakillari, kuch tuzilmalarining mavqeyini oshirishga, ta'sirini kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinishida bosh-qosh bo‘ladiganlar jurnalistlarni ham qo‘llab-quvvatlovchi qonun qabul qilinishiga yo‘l ochishlarini kutib qolamiz.

Ko‘proq yangiliklar: