750 ming dollarlik o‘yin. «Nasaf» o‘zidan ikki baravar arzon jamoani mag‘lub etib, finalga chiqa oladimi?

Sport 15:10 / 20.10.2021 16362

Bugun, 20 oktabr kuni OFK kubogi yarimfinali doirasida Qarshining «Nasaf» jamoasi Honkongning «Li Man» klubiga qarshi saf tortadi. Final oldi o‘yin prevyusida jamoalarning ushbu bosqichga qadar qanday yetib kelgani, transfer baholari va bu safargi uchrashuvning «Nasaf» uchun qanchalik muhimligi haqida so‘z boradi.

«Nasaf» pley-offlar orqali, «Li Man» guruh bosqichidan yarimfinalga chiqdi

Koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan turli muammolar OFK kubogi formatiga ham ta'sir qildi. Natijada, «Nasaf» guruh bosqichi g‘olibi sifatida dastlab Markaziy Osiyo mintaqasi finalida «Ahal»ni mag‘lub etgan bo‘lsa, so‘ng mintaqalararo yarimfinali doirasida «Mohun Bagan»dan ustun kelib, «Li Man»ga qarshi mintaqalararo finalida to‘p suradigan bo‘ldi.

Honkongning «Li Man» jamoasi esa guruh bosqichi g‘olibi sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mintaqalararo finalga, ya'ni «Nasaf»ga qarshi OFK kubogi yarimfinaliga yo‘llanma oldi. Honkong klubi «J» guruhida 9 ochko bilan 1-o‘rinni egallab, turnirning g‘alati tizimi bois final ostonasigacha chiqdi.

Foto: Nasaf FK

«Nasaf»ning turnirdagi so‘nggi o‘yinlari:

Pley-off. «Nasaf» - «Ahal» (Turkmaniston) – 3:2

Pley-off. «Nasaf» - «Mohun Bagan» (Hindiston) – 6:0

«Li Man»ning turnirdagi so‘nggi o‘yinlari:

1-tur. «Istern» (Honkong) - «Li Man» (Honkong) – 0:1

2-tur. «Li Man» (Honkong) - «Taynan Siti» (Tayvan) – 1:0

3-tur. «Li Man» (Honkong) - «Atletik 220» (Mo‘g‘uliston) – 5:1

Qaysi jamoa qimmatroq?

Transfermarkt portali har ikki jamoaning transfer baholarini keltirgan. «Nasaf» ayni pallada raqibidan nafaqat natija yoki o‘yin jihatdan, balki umumiy qiymati bo‘yicha ham ikki karra ustun. Turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan jamoaning umumiy transfer bahosi 7,08 million yevroga baholangan bo‘lsa, «Li Man» ikki baravar arzon – 3,78 million yevroga narxlangan.

Qarshiliklar safidagi eng qimmat futbolchilar mahalliy o‘yinchilar bo‘lsa, «Li Man» tarkibidagi qimmatbaho o‘yinchilar legionerlardir. Ro‘ziqul Berdiyev qo‘l ostidagi milliy jamoaga nomzod o‘yinchilar – Eshmurodov, Ne'matov, Aliqulov, Bozorov va G‘aybullayev «Nasaf»ning eng qimmat o‘yinchilari bo‘lishsa, raqib safida Braziliya, Ispaniya, Honkong va argentinalik o‘yinchilar nisbatan qimmatroq.

Foto: LemanFK

«Nasaf» eng qimmat 5 futbolchisi:

Umar Eshmurodov – 600 ming yevro

Abduvohid Ne'matov – 600 ming yevro

Husniddin Aliqulov – 500 ming yevro

Oybek Bozorov – 500 ming yevro

G‘olib G‘aybullayev – 500 ming yevro

«Li Man»ning eng qimmat 5 futbolchisi:

Jivanilton (Braziliya) – 400 ming yevro

Junior Dutra (Braziliya) – 300 ming yevro

Luk Fun Ngan (Honkong) – 250 ming yevro

Xose Anxel (Ispaniya) – 250 ming yevro

Jonatan Akosta (Argentina) – 200 ming yevro

750 ming dollarlik o‘yin

OFK kubogi reglamentiga binoan, Qarshi jamoasi hozirgi bosqichgacha yetib kelib 100 ming AQSh dollari ishlab olishga muvaffaq bo‘lgan.

«Nasaf» OFK kubogining mintaqalararo finalida Honkongning «Li Man» jamoasini mag‘lub eta olsa, finalchi sifatida 750 ming AQSh dollari mukofot puliga ega chiqadi. Bu 8 milliard so‘m – «Nasaf»ning qariyb yarim yillik budjetiga teng mablag‘dir. Shunday ekan, Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlarida bu borada ham kuchli motivatsiya bo‘lishi aniq.

Foto: Nasaf FK

Finalning ikkinchi yo‘llanmasi uchun kurash Bahraynning «Al Muharraq» va Kuvaytning «Kuvayt SK» o‘rtasida kechadi. «Nasaf» Honkong klubidan ustun kelsa, hal qiluvchi uchrashuvni 5 noyabr kuni ushbu juftlik g‘olibiga qarshi o‘tkazadi. G‘olib jamoa – 1,5 million AQSh dollari mukofot puliga ega chiqadi.

Qarshidagi o‘yinni eronlik hakamlar boshqaradi

OFK ushbu bahsni eronlik hakamlar brigadasiga ishonib topshirdi. O‘yinni Moud Bonyadifard boshqarsa, unga qanotlarda Ali Mirzobegi va Said G‘osemi yordam berib boradi. Zaxiradagi hakam sifatida Biyon Haydari ishlaydi.

Foto: Nasaf FK

«Markaziy» stadiondagi o‘yinga chiptalar sotuvi boshlangan. Klub matbuot xizmati xabariga ko‘ra, chiptalar 50 ming (CIP), 20 ming (markaziy sektorlar) va 15 ming so‘mdan sotilmoqda. Qarshidagi yarimfinal bahsida stadion muxlislar bilan to‘lishi kutilmoqda.

«Nasaf» turnirda 10 yildan buyon mag‘lub bo‘lmayapti

Qarshi jamoasi OFK kubogi joriy mavsumida faqat g‘alaba qozonmoqda. «Nasaf» ushbu turnirda so‘nggi marta 2011 yilgi mavsumda Tailandning «Chonburi» klubiga o‘yinning asosiy vaqtida mag‘lub bo‘lgan (0:1) va dastlabki uchrashuvda xuddi shu hisobda yutgani bois, penaltilar seriyasida raqibdan ustun kelgan. Yakunda esa «ajdarlar» turnir g‘olibiga aylanishgan edi. 10 yil o‘tib, «Nasaf» o‘sha sovrinni yana O‘zbekistonga qaytarish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Buning uchun faqat ikki qadam qoldi.

Foto: Nasaf FK

Anons. OFK kubogi. Yarimfinal

20 oktabr (chorshanba)

«Nasaf» - «Li Man» (Hongkong)

Qarshi, «Markaziy» stadion.

O‘yin boshlanish vaqti: 18:00

TV-translatsiya: UzReportTV.

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: