Xodimlar roziligisiz oylikdan ushlab qolishlar davom etyapti. Ularni kim himoya qilishi kerak?

O‘zbekiston 16:04 / 19.10.2021 17112

Adliya organlarining aralashuvi bilan Andijon davlat tibbiyot institutida 743 nafar xodimning ish haqidan hashar uchun deb ushlab qolingan pullar qaytarildi.

Bu – O‘zbekistonda hamon xodimlarning roziligisiz ish haqidan ushlab qolish holatlari mavjudligini isbotladi.

Kun.uz'ga kelayotgan bir nechta murojaatlarda ham ayni shu kabi holatlar haqida so‘z boradi.

Jumladan, Xonobod shahridagi 2-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi oylik maoshidan 200 ming so‘m ushlab qolinganidan noroziligini bildirdi.

Yana bir murojaatga ko‘ra, Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot birlashmalaridan birida hamshira bo‘lib ishlovchi ayolning jami maoshi bir oyda 4ta navbatchilik uchun 800 ming so‘mni tashkil etsa-da, shanbalik uchun undan bir kunlik ish haqi – 200 ming so‘m ushlab qolingan.

Andijon viloyatidagi tibbiyot birlashmalarida ham sentyabrdagi ish haqlaridan shanbalik uchun roziliksiz va ogohlantirishsiz pul ushlab qolingan.

Xodimning ish haqidan ushlab qolish mumkinmi?

Mehnat kodeksining 164-moddasiga muvofiq, xodimning mehnat haqidan ushlab qolishga faqat xodimning yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Ya'ni, ish haqidan shanbalik uchun ushlab qolish xodimning mutlaq ixtiyoriga bog‘liq – xohlasa, rozilik beradi, xohlamasa, yo‘q.

Xodimni rozilik berishga majburlash yoki uning roziligisiz ish haqidan ushlab qolish – g‘ayriqonuniy.

Bunday harakatlar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xodimlar ish haqidan g‘ayriqonuniy tarzda pul ushlab qolinganda, ularni qaysi tashkilotlar himoya qilishi kerak?

Mehnat kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning hududiy organlari hamda kasaba uyushmalari amalga oshiradi.

Shuningdek, mehnat to‘g‘risidagi qonunlarning aniq va bir xil ijro etilishi ustidan nazoratni olib borish O‘zbekiston bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Adliya organlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri xodimlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan majburiyati yo‘q.

Ammo, so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan tendensiyaga ko‘ra, aksar hollarda mehnat organlari va kasaba uyushmalarining xodimlar huquqlarini himoya qilishdagi faolligi sezilmayotgandek.

Balki shuning uchun ham bu vazifani adliya organlari ta'minlashga majbur bo‘layotgan bo‘lsalar ajab emas.

Bu kabi muammolar bilan xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishga bevosita mas'ul tashkilotlar tomonidan tizimli ravishda kurashilmas ekan, ular aslo barham topmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: