Amazon’da mahsulotlar bo‘yicha katta texnik menejer lavozimida ishlovchi xodimning kompaniyadagi ishi haqida internetga joylagan posti muhokamalarga sabab bo‘ldi. U bir yarim yil davomida hech qanday muhim vazifani bajarmagan, ammo bu vaqt ichida taxminan 555 ming dollar maosh olgan.
Xodim ilgari Google’da dasturchi bo‘lgan, ishdagi qisqartirishlar sabab u yerdan ketgan. Shundan so‘ng u Amazon’ga qabul qilingan. Erkak o‘z oldiga kam ishlab, ko‘p pul topish maqsadini qo‘ygan va bunga erishgan.
U so‘nggi bir yarim yil ichida haftasiga sakkiz soat vaqtini ishga sarflagan — bu, asosan, yig‘ilishlarda qatnashishdan iborat edi. Bir yarim yil ichida erkak bor-yo‘g‘i yettita vazifani yakunlagan. Yana bir topshiriq ChatGPT neyron tarmog‘i yordamida 3 kunda bajarilgan, ammo, xodim rahbariyatga buning uchun 3 oy vaqt ketganini aytgan.
Dasturchining ta’kidlashicha u deyarli barcha ishni boshqa hamkasblari zimmasiga yuklab kelgan. Shunga qaramay, uning ish haqi yiliga 370 ming dollarni tashkil qilgan.
Tarmoq foydalanuvchilari ushbu postga faol munosabat bildirishdi. Ko‘pchilik bu ular uchun orzudagi ish ekanini ta’kidladi. Boshqalar yirik texnologik kompaniyalarning korporativ madaniyatidagi chuqur muammolar xodimlarga minimal harakat bilan katta maosh olish imkonini berayotganini ta’kidladi.
Ushbu post Amazon rahbariyatiga yetib borsa, hammasi o‘zgarishi mumkinligi haqida ogohlantirganlar ham bo‘lgan. Yana bir guruh foydalanuvchilar mahsulotlar bo‘yicha katta texnik menejerlar o‘zi hech bir kompaniyada tayinli ish qilmasligini iddao qilgan.