Toshkent xalqaro moliyaviy markazi barpo etiladi

O‘zbekiston 12:54 / 19.10.2021 4702

“Kelajakda Toshkent shahrini ilg‘or innovatsion va investitsion hududga aylantiramiz. Shaharda joylashgan og‘ir sanoat korxonalari poytaxt tashqarisiga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi. Shaharda esa yuqori texnologiyali innovatsion tarmoqlar – elektronika va elektrotexnika, Ay-Ti injiniring, biotexnologiya korxonalari joylashadi.

“O‘zekspomarkaz” hududida Toshkent xalqaro moliyaviy markazi barpo etiladi va unda faoliyat yuritadigan xalqaro banklar, moliyaviy institutlar, yuridik, konsalting va investitsion kompaniyalarga qulay sharoitlar yaratiladi. Ushbu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamiz uchun Investitsiyalar xabiga aylanadi.

Shahar uchun alohida Ilg‘or loyihalar va injiniring markazi ochiladi. Shuningdek, kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida, “ta'lim – ilm – tadqiqot” tamoyili asosida har bir oliygoh o‘quv dasturlari “yashil” va “raqamli” iqtisodiyotga yo‘naltirish uchun transformatsiya qilinadi. Ushbu tizimning o‘zagi Yangi O‘zbekiston universiteti bo‘ladi.

Har bir tumanda Innovatsiya va texnologiya markazi hamda “loyiha guruhlari” tashkil etilib, ularda davlat-xususiy sheriklik asosida alohida texnopark va Ay-Ti maktabi faoliyat yuritadi. Istiqbolli loyihalarga To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi 30 foiz ulush bilan kiradi va bunga 200 million dollar ajratiladi.

Yangi tashkil etiladigan O‘zbekiston taraqqiyot banki tomonidan Toshkent shahri tadbirkorlariga qulay shartlarda uzoq muddatli kreditlar ajratish uchun 1 milliard dollar resurslar tijorat banklari orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘naltiriladi. Poytaxtga investitsiya va ilg‘or texnologiyalar, eng nufuzli xalqaro kompaniyalarni keng jalb qilish uchun kelgusi yili “Toshkent xalqaro investitsiya forumi” o‘tkaziladi. Bu orqali qo‘shimcha 10 milliard dollar investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratamiz. 

Umuman, Toshkent shahrida keyingi besh yilda 14 milliard dollarlik 2 mingga yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 250 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Toshkent shahri atrofida “sanoat belbog‘i” tashkil qilinib, Bektemir, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlari yuqori daromad keltiruvchi sanoat tarmoqlariga moslashtiriladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Ko‘proq yangiliklar: