Chexiyada prezident Milosh Zemandan betobligi sababli vakolatlarini olish kerakligi aytildi 

Jahon 08:25 / 19.10.2021 4001

Ayni vaqtda Chexiya prezidenti betob bo‘lib, Pragadagi markaziy harbiy gospitalda davolanmoqda. 

Vistrchilning aytishicha, Zeman yaqin haftalarda o‘z ishiga qaytishi ehtimoli kichik. “Ko‘rinishicha, konstitutsiyaning 66-moddasini qo‘llashdan boshqa choramiz yo‘qqa o‘xshaydi”, deb aytgan spiker.

Chexiya konstitutsiyaning 66-moddasida parlamentning deputatlar palatasi va senatda ko‘pchilik ovoz bilan prezidentni o‘z lavozimidan chetlatish mumkinligi ko‘zda tutilgan. Mladá fronta Dnes nashrining ma'lum qilishicha, senat rahbariyati vakillari prezident vakolatlarini topshirish jarayonini muhokama qilish uchun 19 oktyabrda parlamentdagi partiyalar raislari bilan uchrashadi.

77 yoshli Zeman 10 oktyabrda Pragadagi gospitalga yotqizilgandi. U sentyabrda ham ushbu gospitalda 8 kun davolangan. Zeman oyoqlar nevropatiyasi, eshitishdagi muammolar, qon bosimi va qand kasalidan aziyat chekadi. 

Shu yil aprelida Zeman nogironlar aravachasida harakatlanishga majbur bo‘layotganini ma'lum qilgandi. O‘shanda u oyoqlari yaxshi ahvolda emasligini aytgan.

Oxirgi kunlarda Chexiya prezidentining jigarida muammolar borligi haqida axborot paydo bo‘lgan. Shifokorlarning fikricha, Zemanga 3 haftaga yaqin shifoxonada davolanish talab etilishi mumkin.

U oxirgi marta 1 sentyabrda Brnodagi maktablardan biriga tashrif vaqtida ommaviy ko‘rinish bergan.

Zeman 2013 yildan beri Chexiya prezidenti lavozimini egallab keladi. U 2018 yilda ushbu lavozimga qayta saylangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: