Andijonda tez yordam shifokorini kaltaklagan shaxs qamoqqa olindi

Jamiyat 16:50 / 19.10.2021 14470

18 oktabr kuni Kun.uz saytida Andijon viloyati Paxtaobod tumanida bemorning mast qarindoshi «tez yordam» shifokorini do‘pposlab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgani haqida xabar berilgandi. 

Mazkur holat Cog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinib, zudlik bilan mavjud vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida o‘rganishlar olib borilgan.

«Aniqlanishicha, joriy yil 17 oktabr kuni soat 00:30lar chamasi Paxtaobod tez tibbiy yordam bo‘limi Madaniyat shoxobchasi dispetcher xizmatiga shu tumanning Ma'rifat mahallasidan murojaat kelib tushadi. 

Shundan so‘ng chaqiruv manziliga darhol navbatchi shifokor Nodirbek Ahmedov boshchiligidagi tez yordam brigadasi yuboriladi. Biroq chaqiruv bo‘lgan xonadon egasi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro B.T. shifokorlarning yetib borishini kutmay, bemor onasi  G.U.ni o‘z shaxsiy avtomashinasida «tez yordam» shoxobchasiga olib keladi.

O‘sha kuni tuman tez tibbiy yordam bo‘limi Madaniyat shoxobchasida navbatchilik qilayotgan boshqa bir shifokor, 1994 yilda tug‘ilgan Shohrux Zokirov darhol bemor G.U.ning qon bosimi, yurak urishini o‘lchab, unga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatadi. 

O‘z vaqtidagi muolajalar sababli bemor G.U. ning qon bosimi me'yorlashib, umumiy holati yaxshilanadi. Ammo fuqaro B.T. onasiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamdan qoniqmasdan, jamoat joyi hisoblangan binoda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan shifokorlarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qiladi va o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan yana bir shifokor – M. Dehqonovning yoqasidan olib, uni bo‘g‘a boshlaydi.

Shu payt hamkasbini ajratish uchun borgan Sh. Zokirovning harakatlari mushtumzo‘r B.T.ga yoqmaydi va u shifokorning yuziga musht tushiradi. Bunga qanoat qilmagan B.T. musht zarbidan yerga yiqilgan Sh. Zokirovning yuzi va tanasining turli joylariga urib, unga jiddiy jarohat yetkazadi», deyiladi xabarda. 

Shundan so‘ng, olgan tan jarohatlari bilan Sh. Zokirov Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga yotqiziladi.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi davomida Sh. Zokirovga bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi, ikkala ko‘z qovoqlari va burun sohasidagi qontalash tashxisi qo‘yilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi  3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan B.T.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

«Sir emas, bugungi murakkab pandemiya sharoitida tibbiyotimizning fidoyi va jonkuyar xodimlari, shifokor va hamshiralar o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, aholi salomatligi yo‘lida tun-u kun xizmat qilmoqda.

Biroq ana shunday zahmatkash insonlarning mehnatini qadrlamaslik, xususan, bemorlarga yordam berish uchun kelgan «tez yordam» xodimlariga bepisand munosabatda bo‘lish, ularni do‘pposlash, kuch ishlatish, tan jarohati yetkazish hech bir qonun talabiga ham, insoniylik tamoyillariga ham to‘g‘ri kelmaydigan holatdir», deya ta'kidlaydi SSV matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: