Tanzila Norboyeva xotin-qiz saylovchilar sonini ma'lum qildi

O‘zbekiston 11:31 / 18.10.2021 6259

Bugun, 18 oktyabr kuni Toshkent shahridagi prezident saylovini yoritish bo‘yicha Xalqaro media hollda “Xotin-qizlarning saylov huquqlari kafolatlari hamda saylovlarda ularning faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda

Senat raisi Tanzila Norboyevaning tadbir davomida ma'lum qilishicha, bugungi kunda Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a'zolarining 104 nafari va uchastka saylov komissiyalari a'zolarining 65 ming 974 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

“O‘zbekistonda ayollar saylov jarayonlarining barcha bosqichlarida faol qatnashishi uchun erkaklar bilan teng sharoitlar yaratilganini hisobga olib, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish siyosatini kuchaytirish muhim masala.

Bugungi kunda prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a'zolarining 104 nafari va uchastka saylov komissiyalari a'zolarining 65 ming 974 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 2019 yil Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylovda uchastka saylov komissiyalarining tarkibida 54 ming 361 nafar ayol ishtirok etgan. Bu yilgi raqamlar bilan ushbu ko‘rsatkich solishtirilganda 21,3 foizga oshganligini ko‘rish mumkin. 

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda xotin-qiz saylovchilar soni qariyb 11 millionni tashkil etadi”, dedi Senat raisi.

Avvalroq, O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlangani xabar qilingandi. Muddatidan oldin ovoz berish 2021 yil 14-20 oktabr kunlari o‘tkaziladi

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish uchun saylovchi sababini ko‘rsatgan holda tegishli saylov uchastkasiga ariza bilan murojaat qiladi. To‘ldirilgan saylov byulleteni yopiq konvertda, tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: