O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida Pfizer-BioNTech vaksinasidan 800 ming doza va Sinovac vaksinasidan 1,7 mln doza keltiriladi

O‘zbekiston 12:13 / 18.10.2021 2357

Mamlakatimizga joriy yilning oktabr oyida COVAX dasturi doirasida Pfizer-BioNTech vaksinasidan 800 ming doza va Sinovac vaksinasidan 1,7 mln doza olib kelish ko‘zda tutilgan. Bu bilan yurtimizga olib kelingan vaksinalar soni yil oxirigacha 47 million dozadan oshadi, deb xabar bermoqda SSV axborot xizmati.

“Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatimizning o‘zida 15,5 million doza ZF-UZ-VAC2001 hamda 633 ming dozadan ortiq ikki komponentli “Sputnik V” vaksinalari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Umumiy hisobda 18,9 million dozadan ortiq vaksina kelgusida emlash jarayonlarida qo‘llash uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yetkaziladi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari yo‘lga qo‘yilgandan buyon 28 687 988 doza vaksina keltirilgan bo‘lib, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 47 million dozadan oshishi rejalashtirilgan. Ushbu miqdor bilan O‘zbekiston aholisining 17,4 million nafarini to‘liq emlash mumkin bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, 28 sentyabrdan boshlab mamlakatimizda 12 yoshdan katta bolalarni ham koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlashga ruxsat berildi. 6 oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 87 mingdan ortiq bolalar ushbu vaksina bilan emlangani ma'lum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: