Jahon | 11:27 / 18.10.2021
2712
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziyada koronavirusning beshinchi to‘lqini boshlangani ma'lum qilindi

Gruziyada epidemiologik vaziyat yomonlashgani koronavirusning beshinchi to‘lqini boshlanganidan darak beradi. Bu haqda Gruziyaning kasalliklarni nazorat qilish milliy markazi rahbari Amiran Gamkrelidze matbuot anjumanida ma'lum qildi.  

Foto: Ukrinform

Gamkrelidzening ta'kidlashicha, mamlakatda koronavirusning beshinchi to‘lqini kasallanishning yanada yuqori ko‘rsatkichlari bilan boshlangan.

“Bu hayot va o‘lim masalasi. Hamma emlanishi, niqob taqishi kerak. Yo‘qsa Gruziyada noyabr og‘ir kechadi”, deb ogohlantirgan mutaxassis.

Gruziyalik epidemiologlarning fikricha, vaziyat yomonlashishining asosiy sababi aholi emlanishi past darajada ekani hisoblanadi. Gruziya mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 22 foiz aholigina koronavirusga qarshi emlangan. Ta'kidlanishicha, Gruziyada yil oxirigacha “ommaviy immunitet” hosil qilish uchun kuniga emlanishi zarur bo‘lgan 30-40 ming kishi o‘rniga 4-5 ming kishi emlanmoqda.

Gruziyada pandemiya boshidan beri 665 mingdan ko‘proq kishi koronavirusga chalingan. Ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda bir kun ichida koronavirusga olingan testlarning 10 foizi musbat chiqmoqda. Vaholanki, JSST bu ko‘rsatkich u yoki bu davlatda 4 foizni tashkil qilganda, bu epidemiya xavfi kuchayganidan darak berishini ta'kidlaydi.   

Gruziyadagi og‘ir epidemiologik vaziyat sababli Yevropaning bir qator davlatlari to‘liq emlangan gruziyaliklarni ham qabul qilishdan bosh tortmoqda.

Mavzuga oid