Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati instituti tashkil etildi

O‘zbekiston 08:25 / 18.10.2021 2909

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati instituti tashkil etildi.

Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

milliy estrada yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish;

milliy estrada yo‘nalishida o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish, atoqli kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar ijodini chuqur o‘rganish, shuningdek, milliy estrada ijrochiligi namunalarini notaga ko‘chirish;

milliy estrada yo‘nalishi bo‘yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning o‘ziga xos ijro uslublari va an'analarini qayta tiklash va rivojlantirish;

milliy estradaning zamonaviy ijro uslublari namunalarini notaga olish va amaliyotga keng joriy etish, milliy estradaning ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bog‘liq jihatlarini olimlar va ijrochi mutaxassislar ishtirokida chuqur o‘rganish;

milliy estradani yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish;

milliy estrada yo‘nalishida zamonaviy ijro namunalarining “Oltin fondi”ni yaratish;

xalqimiz, xususan, yosh avlod ongida milliy estrada orqali milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;

estrada yo‘nalishlarida xorijiy ta'lim muassasalari va tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma ta'lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish.

Belgilanishicha, institut davlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi va O‘zbekiston davlat konservatoriyasi tarkibida faoliyat yuritadi. Institutda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanib, ta'lim davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Institut bitiruvchilariga oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.

Konservatoriya uchun tasdiqlangan bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativlari institutga ham tatbiq etiladi, institut professor-o‘qituvchilari va konsertmeysterlariga Madaniyat vazirligi tizimida uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oylik taqdirlash puli (ustama) to‘lab borish tartibi tatbiq etiladi.

Konservatoriya kengashining qaroriga asosan Konservatoriyaning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan institut moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga va institut kengashining qaroriga asosan institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Konservatoriya moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga ruxsat beriladi. Institut Konservatoriyaning moddiy-texnika bazasidan va Konservatoriya institutning moddiy-texnika bazasidan tekin foydalanish huquqiga ega.

Ko‘proq yangiliklar: