Joriy yilning 6 avgust kechasi Sho‘rchi tumani “Toza hudud” DUK balansida bo‘lgan beshta chiqindi tashish mashinasining ehtiyot qismlari yechib ketilgan.
Korxonada chiqindi yuklovchi vazifasida ishlaydigan Siroj Sherniyozovning Kun.uz'ga aytishicha, dastlabki gumon korxona ishchilariga qaratilgan. Tashkilotning aksariyat xodimlari tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, so‘roq qilingan.
“2 avgust kuni vaksina qabul qilgandim, ikki kun isitma qildim. Shifokorlar tavsiyasi bilan 5-6 avgust kunlari ham uydan chiqmaslikka harakat qildim. Ishxonamizdagi o‘g‘irlik esa 6 avgust kechasi sodir bo‘lganini aytishdi. Shunday bo‘lsa-da, men ham bir-ikki marta tergovga chaqirildim. 8 sentyabr kuni “Bobur” mahallasi profilaktika inspektori qo‘ng‘iroq qildi. Bu paytda ish joyimda edim. Shu vaqt ishxonamga kelib, gap-so‘zsiz meni ichki ishlar idorasiga olib bordi.
Idoraning 1-qavat 8-xonasiga olib kirib, savob-javobni boshladi. Faxriddin ismli tergovchi meni nazarda tutib: “O‘g‘rini ushlab keldingmi?” dedi. Keyin Ziyodulla degani kirib, haqorat qila boshladi. Bo‘yningga olasan, deyishdi. Men o‘g‘irlik qilmaganimni aytdim.
Shundan keyin Elmurod, Faxriddin, Shuhrat, Ziyodulla ismli xodimlar bilan yolg‘iz qoldim, xonani qulflashdi. Ziyodulla degani: “Senga hozir do‘zaxni ko‘rsataman” dedi. Shu yerda qora paketni olib boshimga kiygizib, bo‘g‘di, nafasim qaytdi. Ulardan to‘g‘ri muomala qilishlarini so‘radim. Xonalarida kamera yo‘qligini aytdim.
Shundan keyin Ziyodulla: “Senga kafan yasayman” dedi. Qo‘rqdim. Matoni kesib, bittasini bilagimga o‘rashdi, qolgani bilan ko‘zim va oyog‘imni bog‘lashdi. “Hozir shunday qilamiz, bo‘yningga olasan, shu ishni qilganman” deb aytasan, deyishdi. O‘sha holatda polga o‘tqazishib, qulog‘imga ikkita kabelni ulashdi. Sheriklari yelka va oyoqlarimdan bosib turdi, Ziyodulla aka qandaydir knopkali apparat orqali tokni ko‘paytirib-kamaytirib turdi. Qulog‘imga ulangan tokning og‘rig‘idan tilimni chaynab tashladim. Undayam bo‘lmay, qo‘l barmoqlarimga ulashdi. Aytganlariday, do‘zaxni ko‘rsatdiyam.
“Bu osonlikcha bo‘yniga olmaydi, jinsiy a'zosiga ula, shunda bo‘yniga oladi” deyishdi. Shundan keyin “bo‘ldi, men qildim” deyishga majbur bo‘ldim”, – deydi Siroj Sherniyozov.
Sherniyozovga ko‘ra, undan majburan “Toza hudud” DUK xodimi Obidjon Bekmirzayev hamda korxonaning sobiq ishchisi Husan Sharipovni sheriklari sifatida ko‘rsatma yozdirib olishgan.
9 sentyabr kuni Sirojni uyiga qo‘yib yuborishgan. 10 sentyabr kuni onasi bilan Surxondaryo viloyati prokuraturasiga borib, IIB xodimlari o‘zini qiynagani, majburan o‘g‘irlikni bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lishayotganini ma'lum qilgan. Viloyat prokuraturasi ishni Sho‘rchi tuman prokuraturasiga yo‘naltirgan, tuman prokuraturasi xodimlari voqea joyiga borishgan. Ekspertiza xulosalari olingan bo‘lsa-da, hozircha unga bu haqda jo‘yali javob berilmayapti.
Biz Siroj Sherniyozov sherigim deb yozib bergan yana bir shaxs, “Toza hudud” DUK qorovuli Obidjon Bekmirzayev bilan ham suhbatlashdik.
Bekmirzayev aslida mazkur tashkilotda yuridik bo‘lim mutaxassisi vazifasida faoliyat ko‘rsatar, unga qorovullik qo‘shimcha ish sifatida, rahbariyat bilan ichki kelishuvga ko‘ra yuklatilgan ekan. Obidjon o‘sha kunlari hamkasbi betob bo‘lgani sababli uning o‘rniga ham qorovullik qilgani, 5 kun davomida bu hol takrorlanganini aytmoqda. O‘g‘irlik sodir bo‘lgan kechada charchoqdan uxlab qolganini ma'lum qildi.
Obidjon Bekmirzayev taxminan 25 avgust kuni qariyb 10 nafar “Toza hudud” DUK xodimlari IIBga olib borilgani va so‘roq berganini aytdi. O‘sha kuni uning bir o‘zini mahkamada olib qolishib, jismoniy azob berishganini bildirdi. Shundan so‘ng u advokat yollagan.
“25 avgust kuni ertalabdan IIBga olib borib o‘tirdik. Shu kuni kechqurun soat 21lar atrofida bir o‘zimni ichkariga olib kirib ketdi. Ichki organlarimga urdi, buyraklarimga rosa tepdi. Hozirgacha buyragimga dori-darmon olaman.
O‘sha kechasi meni olib qolib, ertasi kuni tungi soat 24lar atrofida qo‘yib yubordi. Har xil qiynoqlar qilishgan bo‘lsa-da, men bo‘ynimga olmadim. Qilmagan narsamni qanday bo‘ynimga olaman?” – dedi u.
Obidjon Bekmirzayevdan nega bu haqda tegishli idoralarga ma'lum qilmadingiz, deb so‘raganimizda, u odamlarga ishonchi qolmagani, qo‘rquvda ekanini ta'kidladi.
Biz “Toza hudud” DUKda ham bo‘ldik. Korxona rahbari mehnat ta'tilida bo‘lgani sababli tashkilot xodimlari biz bilan suhbatlashishdan o‘zlarini olib qochishdi. Xususan, ikki xodim haqida umumiy bo‘lsa ham ma'lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Aytaylik, shu vaqtga qadar tashkilotda bu kabi holatlar kuzatilganmi, Siroj Sherniyozov hamda Obidjon Bekmirzayevning xatti-harakatlari, o‘zaro aloqalari, voqea haqida IIBga qachon xabar berilgani, organ xodimlarining tashkilot hududidagi izlar, yon-atrofdagi kameralarni ko‘zdan kechirish jarayoni bilan bog‘liq savollarimiz ochiq qoldi.
Vaziyat bo‘yicha Sho‘rchi tuman ichki ishlar bo‘limi hamda tuman prokuraturasida ham bo‘ldik. Ikki tashkilotning ham mas'ul xodimlari bu holat bo‘yicha bevosita tumanda izoh olish “tizim qoidalariga to‘g‘ri kelmasligi”, viloyat tashkilotidan javob olish mumkinligini ma'lum qilishdi.
Nega tergov jarayoni videotasvirga olinmagan?
Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati Kun.uz so‘roviga munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, Obid Bekmirzayevni so‘roq qilish jarayoni videokamera yordamida yozib olingan. U IIBda qiynoqqa solingani masalasida tuman prokuraturasiga murojaat qilmagan. Mazkur o‘g‘irlik jinoyatini fosh qilish bo‘yicha qidiruv ishlari hali davom etyapti.
IIBga ko‘ra, Siroj Sherniyozov “Toza hudud” korxonasi ma'muriyati bilan o‘rtalarida nizo bo‘lgani uchun, Obidjon Bekmirzayev esa o‘g‘irlik sodir etilgan kunda filialda qorovul vazifasini bajargani uchun guvoh tariqasida tergovga jalb qilingan.
Siroj Sherniyozovning tuman IIB binosida qiynoqqa solingani haqidagi murojaati tasdiqlanmagani sababli tuman prokuraturasi 6 oktyabr kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.
Mazkur maqola yozilish asnosida Surxondaryo viloyat prokuraturasi axborot xizmati ham aynan shu mazmundagi bayonotni bizga taqdim qildi.
Undan anglashiladiki, Obidjon Bekmirzayev videokamera qo‘llangan holda tergov qilingan. Ammo u ham Kun.uz'ga o‘zini qiynoqqa solinganini aytmoqda.
Organlarning bayonotlarida Siroj Sherniyozovni tergov qilish jarayonida videokamera qo‘llangan-qo‘llanmagani haqida lom-mim deyilmagan. Demak, tergovda videokamera qo‘llanmagan va bu gumondor xolis tergov qilinganiga shubha tug‘diradi.
Sherniyozov: “Organ xodimlari menga do‘zaxni ko‘rsatishdi” deb turgan bir paytda, Sho‘rchi tuman prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni qaysi asoslarga ko‘ra rad etgan?
Prokuratura videokamera qo‘llanmagan holda tergov olib borilgan bu ishda nimalarga tayanib bunday xulosaga kelgan? Ichki ishlar bo‘limi gumondorni qiynoqqa solmaganini tasdiqlovchi dalillar qani?
Ushbu masalaga Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligidan izoh kutib qolamiz.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.