«Bundan buyon barcha yerlar faqat ochiq elektron tanlov asosida ajratiladi» - Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston 13:32 / 16.10.2021 11667

“Xabaringiz bor, joriy yilda yer munosabatlarida yangi davr boshlandi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, shu kunga qadar yerdan foydalanishda tadbirkorlar, fermerlar va dehqonlarning ertangi kunga ishonchi yo‘q edi. Bunday holatda dehqon yer unumdorligini oshirish, qo‘shilgan qiymatni yaratish, yangi texnologiyalarni joriy etishdan manfaatdor emas edi. Shuning uchun yer ajratish va olib qo‘yish bo‘yicha hokimlarning vakolatlari bekor qilindi. Bundan buyon barcha yerlar faqat ochiq elektron tanlov asosida ajratiladi. Bu orqali Toshkent viloyatida ildiz otib ketgan korrupsiyaviy holatlarga, “yer oldi-sotdisi”ga, yerni o‘zboshimchalik bilan egallashga barham berilmoqda. Haligacha yer sotish bor. Kamida ikkita yer sotiladi. Sotib olgan odam ham darrov shlakoblok bilan o‘rab oladi. Nima, yerning egasi yo‘qmi?

Yangi tartib asosida, viloyatda 14,5 ming gektar paxta va g‘alla hamda samarasiz bog‘-tokzorlar maydonlari qisqartirilib, aholiga 50 sotixgacha uzoq muddatga ijaraga beriladi va 30 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Bu maydonlarda mahsulot ishlab chiqarish kooperatsiya asosida tashkil qilinadi. Buning uchun 100 milliard so‘m ajratiladi.

Eng muhimi, ishlab chiqarishni tizimli tashkil qilgan holda, hosildorlik paxtada 60-65 sentnerga, g‘allada 80-90 sentnerga yetkaziladi. Buning uchun, birinchi navbatda, viloyatda 30-40 yil davomida ekib kelinayotgan eski g‘o‘za va g‘alla navlari yuqori hosildor hamda erta pishar yangi navlarga almashtiriladi. Shuningdek, 65 ming gektar paxta va 50 ming gektar g‘alla maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi hamda yiliga 20 ming gektar maydonda lazerli tekislash yo‘lga qo‘yiladi. Bu ishlarga kelgusi besh yilda jami 1 trillion so‘mga yaqin subsidiya mablag‘lari ajratiladi.

O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Pskent tumanlarini kafolatli suv bilan ta'minlash maqsadida, Ohangaron suv ombori sig‘imi 100 million metr kubga oshiriladi. Shuningdek, 80 million dollar jalb qilinib, 38 ta nasos stansiyasi modernizatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, paxtachilikda mexanizatsiya darajasini oshirishga ham alohida e'tibor qaratiladi. Esimda, paxta yig‘im-terimi tashkil qilishda “Toshkent texnologiyasi” degan tajriba bo‘lar edi. O‘sha paytlarda paxtaning asosiy qismi mashinalarda terib olingan. Kelgusi besh yilda bu tizim qayta tiklanib, kamida 70-80 foiz paxta hosili mashinalar yordamida terib olinadi. Bunda, mashina terimi xarajatlarining 30 foizi budjetdan qoplab beriladi.

Intensiv texnologiyalarni qo‘llash va hosildorlikni oshirish hisobiga, meva-sabzavot ishlab chiqarish hajmi kamida 2 barobar ko‘paytiriladi. Xususan, Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida 2 ming 700 gektar g‘alla va Yuqori Chirchiqda 4 ming gektar paxta maydonlari bosqichma-bosqich qisqartirilib, meva-sabzavotchilik hududlariga aylantiriladi. Bu tumanlarda 50 ta klaster korxonalari tashkil qilinib, kooperatsiya usulida eksportbop mahsulotlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Sabzavotchilikda eng asosiy masala - urug‘ tayyorlash tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishimiz shart. Buning uchun, yuqoridagi tumanlarda 200-300 gektardan yer maydonlari ajratilib, alohida urug‘chilik klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent viloyatining ilmiy salohiyatidan to‘g‘ri foydalangan holda, viloyatdagi ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda, har bir klaster qoshida ilmiy markaz tashkil etiladi. Bunday klasterlarga ishlab chiqarilgan urug‘likni eksport qilishga ham ruxsat beriladi.

Parkent, Qibray, Pskent, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l, Ohangaron, Bo‘stonliq tumanlarida 50 ming gektar bog‘ va tokzorlarning iqtisodiy samarasiz bo‘lgan 60 foizi to‘liq yangilanadi. Shuningdek, yangi o‘zlashtiriladigan va lalmi yerlar hisobidan ushbu tumanlarda 20 ming gektar maydonda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi.

Bog‘dorchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Agrar universitetning “in-vitro” laboratoriyalaridan samarali foydalangan holda, Toshkent, Parkent va Qibray tumanlarida yiliga 5 million dona meva va tok ko‘chatlarini yetishtirish tashkil qilinadi. Bunga 10 million dollar ajratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Ko‘proq yangiliklar: