1 martdan mahkumlar va qarindoshlarining uchrashuv vaqtini Yagona portal orqali belgilash mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston 16:15 / 16.10.2021 4130

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bundan buyon o‘zbekistonliklar jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotgan yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini Yagona portal orqali belgilash imkoniga ega bo‘lishdi. Ushbu xizmatdan 2022 yilning 1 martidan foydalanish mumkin.

Bundan tashqari, 2021 yil 15 oktyabrda qabul qilingan hukumat qarori bilan kelgusi yilning 1 martidan quyidagi xizmatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda ko‘rsatilishi belgilangan:

  • O‘zbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
  • chet davlatda O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlar va ma'lumotnomalar olish;
  • sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma'lumotlar olish;
  • avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish.

Qaror bilan, shuningdek, Ichki ishlar organlari tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

Shu yilning avgust oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi mahkumlar va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuvlariga epidemik vaziyat sabab qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganini ma'lum qilgandi. Sentyabrga kelib mahkumlarning yaqinlari bilan uzoq muddatli uchrashuvlar tashkil etilishiga ham ruxsat berilgandi.

IIV Jazoni ijro etish departamenti 2021 yilning 6 iyulidan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlari vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: