Mamlakatimizda barcha sohalar qatori energetika yo‘nalishida ham bir qator izchil islohotlar olib borilmoqda.
Bugun foydalanishga topshirilgan Gurlan tuman elektr ta'minoti korxonasining yangi binosini ham, hech mubolag‘asiz sohada erishilayotgan ijobiy yutuqlarimiz natijasi, deb bemalol aytish mumkin.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Xorazm viloyati hokimligi, Energetika vazirligi, “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, tuman mutasaddi korxona va tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari hamda OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Yangi bino ochilishiga bag‘ishlangan tadbir karnay-surnay sadolari yangrashi hamda faxriy otaxonlardan oq fotiha olish bilan boshlandi.
Mazkur bino qurilishida so‘nggi turdagi zamonaviy qurilish materiallari va energiyatejamkor texnologiyalardan keng foydalanilgan.
Bu yerda iste'molchilarni qabul qilish xonasi, kassa xizmatlari va boshqa xizmat turlari ko‘rsatish uchun kerakli barcha sharoitlar yaratilgan.
Bunday o‘zgarishlar va yangilanishlarning asosiy maqsadi, albatta, elektr energiyasi iste'molchilariga qulaylik yaratish bilan bir qatorda, ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratishdir.
Umid qilamizki, bunday yaratilgan sharoitlar Gurlan tumani ahliga uzoq yillar xizmat qiladi.
Ma'lumot o‘rnida: Gurlan tumanidagi 28 230 aholi xonadonlari va 1474 ta ulgurji elektr energiyasi iste'molchilariga korxonaning 65 nafar ishchi-xodimi xizmat ko‘rsatadi.
“Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati Ⓣ