5 oktabr kuni Qashqadaryo | Kun.uz Telegram-kanalida Shahrisabz tumani G‘ilon qishlog‘idagi 58-maktabda o‘quvchilar poli chirib ketgan sportzalda shug‘ullanayotgani haqida tanqidiy xabar berilgandi. Shahrisabz tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, tanqiddan so‘ng mazkur maktab sportzalining poli ta'mirlab berilgan.
«Kun.uz internet nashrida «Shahrisabzdagi maktablardan birida o‘quvchilar poli chirib ketgan sportzalda shug‘ullanyapti» sarlavhali xabar e'lon qilingan. Shundan so‘ng, holat yuzasidan tuman hokimligi o‘rganish olib borib, ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgani haqida xabar bergan edik.
Bir necha kun davom etgan ta'mirlash ishlaridan so‘ng sportzalning holati tiklandi. Ayni paytda jismoniy tarbiya darsi ushbu sportzalda o‘tilmoqda», deyiladi xabarda.
Qashqadaryo | Kun.uz Telegram-kanalida berilgan tanqidiy xabardan so‘ng, viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi ham munosabat bildirgan va G‘ilon qishlog‘ida joylashgan 58-maktabning sport zali 2022 yilda to‘liq ta'mirlab berilishini ma'lum qilgandi.
«G‘ilon qishlog‘idagi 58-maktabning 12x24 metr o‘lchamdagi sport zali 2007 yil qurilgan. Maktab tog‘li hududda joylashgani, yerosti suvlari yer yuzasiga yaqinligi, namgarchilik yuqoriligi natijasida sport zalining pol qismi juda tez vaqtda yaroqsiz holatga kelgan. 2022 yilda mahalliy budjet hisobidan maktab sport zalining pol qismini yangidan ta'mirlash rejalashtirilgan. Hozirda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, maktab sport zalini birlamchi ta'mirlash choralari ko‘rilmoqda», deyilgandi munosabatda.