Rossiya O‘zbekistonning 150 ming fuqarosiga mamlakatga kirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi

Jahon 12:41 / 12.10.2021 16263

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi taqiqi bo‘lgan 150 ming o‘zbekistonlik va 150 ming tojikistonlik mehnat migranti uchun mamlakatga kirishga ruxsat berdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar qilmoqda.

Rossiya migrantlar federatsiyasi rahbari Vadim Kojyenovning ma'lum qilishicha, yuqoridagi migrantlar toifasiga faqat Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqiq qo‘yilgan fuqarolar kiradi. Sud qarori bilan taqiqqa tushgan fuqarolar uchun Rossiya chegarasi belgilangan muddatga qadar yopiq hisoblanadi.

Amnistiyaga tushgan fuqarolar joriy yil 18 avgust kuni ma'lumotlar bazasidan olib tashlangan. Shu bilan birga, fuqaro unga mamlakat hududiga kirishga ruxsat berilganiga ishonch hosil qilish uchun Ichki ishlar vazirligi saytidan ma'lumotlarni tekshirib ko‘rishi maqsadga muvofiq ekani aytiladi.

Shuningdek, migratsion ro‘yxatdan o‘tgan, lekin ruxsat beruvchi hujjatlarini joriy yil 30 sentyabrgacha uzaytirishga ulgurmagan mehnat migrantlari shu yilning 30 dekabrigacha hujjatlarini rasmiylashtirishi mumkin.

Avvalroq, 10 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi qurilish sohasida vaqtincha ishlash uchun soddalashtirilgan tartibda Rossiyaga yuborilishi xabar berilgandi. Bu loyiha doirasida fuqarolarni Toshkentda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish uchun Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi tibbiy asbob-uskunalar bilan O‘zbekistonga yetib kelgan.

Endilikda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o‘rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida O‘zbekistonda amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: