Surxondaryoda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida Nexia jarlikka quladi. Haydovchi vafot etdi

Jamiyat 11:34 / 10.10.2021 2666

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida boshqaruvni yo‘qotgan Nexia jarlikka qulagan. Oqibatda haydovchi vafot etgan, yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 9 oktabr kuni soat 1:30larda M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Boysun tumani Shifobuloq mahallasi hududidan o‘tgan 1328-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Sho‘rchi tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan haydovchi M.B. Nexia mashinasida Sho‘rchi-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotib xavfli burilishlardan birida boshqaruvni yo‘qotgan. Shu sababli Nexia yo‘ldan chiqib ketgan va o‘ng tarafdagi jarlikka qulagan. Oqibatda haydovchi og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Foto: Telegram /surxonypx

Bundan tashqari, ushbu mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan ayol, Sho‘rchi tumanida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan O.X. og‘ir tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki surishtiruvda, Nexia haydovchisi ehtiyotsizlik qilib xavfli burilishlardan birida katta tezlikda harakatlangani va mashina boshqaruvini yo‘qotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Boysun tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: