O‘zbekiston – eng past narxda xurmo eksport qiluvchi davlat. Buning sababi nimada?

Iqtisodiyot 16:09 / 08.10.2021 29567

2020 yilda jahon bozorida xurmo eksporti 11 foizga oshib, 637 ming tonnani tashkil etgan. O‘z navbatida, olingan daromad ham 17 foizga o‘sib, 695 million dollarga yetgan. Bu haqda EastFruit IndexBox ma'lumotlariga tayanib xabar bermoqda.

Xurmo eksporti

2020 yilda eng ko‘p xurmo eksport qilgan mamlakatlar sifatida: Ispaniya (211 ming tonna), Ozarboyjon (126 ming tonna), Xitoy (108 ming tonna) va O‘zbekiston (97 ming tonna) qayd qilingan. Ushbu 4ta mamlakatning umumiy xurmo eksportidagi ulushi 85 foizni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarni Litva (14 ming tonna), Polsha (12 ming tonna) va Gruziya (11 ming tonna) egallagan.

Daromad nuqtayi nazaridan qaralsa, Ispaniya (234 million dollar), Xitoy (206 million dollar) va Ozarboyjon (92 million dollar) xurmo eksportidan eng ko‘p pul ishlab topgan, ularning umumiy daromaddagi ulushi 77 foizni tashkil etgan.

O‘tgan yilda Xitoy (62,1 foiz) va O‘zbekiston (48 foiz) eksport qilishda eng yuqori o‘sish sur'atlariga erishgan.

Xurmoning o‘rtacha eksport narxi 2020 yilda 6,4 foizga qimmatlashib, bir tonnasi uchun 1091 dollarni tashkil etgan. Eng yuqori narxga xurmo eksport qilgan mamlakat Xitoy (1 tonna uchun 1909 dollar), eng past narxlarda esa O‘zbekiston (bir tonna uchun 499 dollar) eksport qilgan.

Xurmo importi

2020 yilda xurmo import qiluvchi asosiy davlat Rossiya bo‘lgan, o‘tgan yilda mamlakat ichki bozorlariga 149 ming tonna xurmo olib kirilgan. Bu jahon importining 27 foizini tashkil qiladi. Undan keyingi o‘rinlarni: Qozog‘iston (58 ming tonna), Germaniya (55 ming tonna), Ukraina (40 ming tonna), Italiya (31 ming tonna), Tailand (28 ming tonna) va Fransiya (28 ming tonna) egallagan. Bu mamlakatlarning umumiy ulushi jahon importining 44 foizini tashkil etadi. Shuningdek, xurmo sotib olishda jahon miqyosida Belarus (19 ming tonna), Litva (16 ming tonna), Polsha (12 ming tonna), Kanada (9,3 ming tonna) va Buyuk Britaniya (8,4 ming tonna) ham ma'lum ulushga ega.

Xurmo importiga Rossiya (120 million dollar), Germaniya (75 million dollar) va Fransiya (37 million dollar) eng ko‘p pul sarflagan va bu jahon xurmo importiga ajratilgan mablag‘larning 43 foizini tashkil qiladi.

O‘zbekistonda xurmo eksporti

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 yilda 18ta xorijiy davlatga qiymati 48,6 mln dollarga teng 97,5 ming tonna xurmo eksport qilgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davri bilan solishtirilganda 50,1 ming tonnaga ko‘proq. Yuqorida aytib o‘tilganidek, mamlakatda xurmo eksporti yuqori bo‘lsa-da, daromad miqdori boshqa eksportchilarga nisbatan sezilarli darajada kamroq. Buni o‘zbek xurmosining asosan ichki bozorida narxlar uncha yuqori bo‘lmagan Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlariga eksport qilinishi bilan izohlash mumkin. Xususan, 2020 yilda O‘zbekiston eng ko‘p xurmo eksport qilgan davlatlar:

  • Qozog‘iston – 56,8 ming tonna;
  • Rossiya – 32,1 ming tonna;
  • Qirg‘iziston – 3,1 ming tonna;
  • Turkmaniston – 2,8 ming tonna;
  • Ukraina –1,8 ming tonna;
  • Belarus – 818,1 tonna.
Ko‘proq yangiliklar: