AQShda defolt yuz berishi dunyo iqtisodiyotiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Iqtisodiyot 22:46 / 08.10.2021 29603

AQSh defolti to‘g‘risidagi gaplar qayerdan kelib chiqdi?

1 avgustda AQShda davlat qarziga cheklov kuchga kirdi. Bu cheklov 2 yil davomida amal qilmagandi. Kongress defolt yuz bermasligi uchun davlat qarzi limitini oshirishni 1 oktyabrgacha ma'qullashi kerak edi. Ammo respublikachilar bu taklifni bloklashdi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Jo  Bayden defolt yuz bermasligiga kafolat yo‘qligini e'lon qildi.

Kongress davlat qarzi limitini oshirishni 18 oktyabrgacha ma'qullashi lozim. Aks holda Vashingtonda defoltning oldini olish uchun resurslar tugaydi. Bu haqda AQSh moliya vaziri Janet Yyellen ma'lum qildi.

Defolt pandemiyadan so‘ng tiklanishga harakat qilayotgan iqtisodiyot uchun falokat bo‘ladi. Real YaIM qariyb 4 foizga tushib ketadi, qariyb olti million ish o‘rni yo‘qotiladi, ishsizlik darajasi esa 9 foizgacha o‘sadi. Bu haqda Moody’s xalqaro reyting agentligi yetakchi iqtisodchisi Mark Zandi o‘z tadqiqotida ma'lum qildi. Bunda faqat AQShgina jabr chekmaydi.

AQShdagi defolt – jahon iqtisodiyotining inqirozi

«360» suhbatlashgan «Finam» kompaniyalar guruhi tahlilchisi Aleksey Korenevning qayd etishicha, agar AQShda defolt yuz bersa, butun dunyo «qulaydi». Buning esa birgina oddiy sababi bor: AQSh Ikkinchi jahon urushi davridan boshlab butun dunyoni dollar va Amerika iqtisodiyotiga qaramlik tizimiga bog‘lab qo‘ygan.

Dollar dunyodagi asosiy to‘lov tizimi hisoblanadi, deydi iqtisodchi. Barcha to‘lovlarning 49 foizga yaqini dollar bilan bog‘liq. Shuningdek, jahon savdosining asosiy hajmi aynan dollarga to‘g‘ri keladi. U eng ishonchli valuta, AQSh iqtisodiyoti esa eng yuqori reytingga ega.

«360» suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh 30 foizga “o‘tirib qolsa”, rivojlanayotgan davlatlarda 50-60 foiz pasayish yuz beradi. Defolt yuz berganida AQSh uchun asosiy qarzdor Xitoy ekanligi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, chunki Xitoy dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti hisoblanadi.

«Agar Amerika qarzi qulasa, birinchi o‘rinda Xitoy qulaydi. Qayerga qaramang, Xitoy bilan bog‘liq narsani ko‘rasiz: Xitoy telefoni, Xitoy televizori, Xitoy soati», — dedi Korenev.

Rossiya strategik tadqiqotlar instituti eksperti, iqtisodiyot fanlari nomzodi Mixail Belyayevning qo‘shimcha qilishicha, AQShda defolt yuz bergan taqdirda dunyo iqtisodiyoti parokanda bo‘lib ketadi.

«360»ning har ikkala suhbatdoshi AQShda defolt yuz berishi ehtimoli kamligini qayd etishdi. Ularning fikricha, Amerika iqtisodiyoti hozircha barchasini uddalaydigan holatda.

Ko‘proq yangiliklar: