Bu haqda tashkilot rasmiy saytida ma'lumot berilmoqda.
OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirayotgan paytda xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun mustahkam va raqobatbardosh ichki moliyaviy bozorlar muhim ahamiyatga ega. OTB O‘zbekistondagi moliyaviy bozorlarni rivojlantirishga yordam beradi va xususiy investitsiyalarni rag‘batlantiradi. Bu iqtisodiy o‘sishning asosiy omili va yangi ish o‘rinlarining muhim manbai hisoblanadi.
Qayd etilishicha, dasturdan nazorat tizimlarini rivojlantirish va birja savdolariga qo‘yiladigan fondlarni kuchaytirish kabi masalalar ham o‘rin olgan.
Bank moliyaviy sektori bosh mutaxassisi Sayid Ali Mumtoz X. Shah so‘zlariga ko‘ra esa, ushbu yordam O‘zbekiston moliya tizimidagi zaifliklarni kamaytirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, korporativ qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantiradi va mavjud moliyaviy vositalarni diversifikatsiya qiladi.
Bundan tashqari, dastur doirasida amalga oshiriladigan islohotlarni qo‘llab -quvvatlash uchun 500 ming dollarlik texnik yordam granti ajratiladi.
Avvalroq, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston bo‘yicha prognozlarini yangilagan edi va bu yil mamlakat iqtisodiyoti 5 foiz, kelasi yilda esa 5,5 foiz o‘sishi kutilayotganligini ma'lum qilgandi.