O‘zbekistonning yagona hajv (satira) jurnali «Mushtum» faoliyati qayta tiklanadi

Jamiyat 21:17 / 06.10.2021 9627

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov ham so‘z olib, tez kunda jadidlar asos solgan yana bir jurnal «Mushtum» ham qayta tiklanayotganini ma'lum qildi.

«O‘zbekiston matbuoti» jurnalining bugun qayta nashr etila boshlagani juda yaxshi, lekin bizda yana bir jurnal borki, u ham 2019 yilda iqtisodiy qiyinchiliklar sabab o‘z faoliyatini tugatishga majbur bo‘lgandi.

Bilasiz, «Mushtum»ga jadidlarimiz asos solgan. Umuman olganda bu jurnal biz uchun bir qadriyat va uni yo‘qotib yuborish katta xato bo‘lar edi.

Yuzlab tanqidiy maqolalar, feletonlar jamiyatni turli illatlardan tozalashda «Mushtum»ning asosiy quroli hisoblangan. Halol va oshkora tanqid jamiyat va odamlar uchun haqiqiy malham bo‘lishiga erishish jurnalning bosh mezonidir.

Sizlarga xursandchilik bilan aytmoqchimanki, bugun «Mushtum» jurnalining qayta tiklanayotgan ilk sonini bosmaxonaga topshirdik. Nasib etsa, yaqin kunlarda uning ham taqdimotini o‘tkazamiz», – dedi O‘sarov.

Olimjon O‘sarov
Foto: O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Jurnalning qaysi mablag‘lar hisobidan qayta tiklanayotgani haqida hozircha ma'lumotlar ochiqlanmadi.

Ma'lumot uchun, 1923 yildan nashr qilina boshlagan «Mushtum» jurnaliga taraqqiyparvar, xalqparvar ziyolilar: Abdulla Qodiriy va G‘ozi Yunuslar asos solgan.

Jurnal nomi Abdulla Qodiriy taklifi bilan shunday atalgan. Uning ta'biricha, bu shunchaki mushtum emas, balki xalqning adolat mushtumidir, ya'ni mazlumlarning zo‘rovonlarga, nopoklarga, zulmkorlarga, ekspluatatorlarga qarshi mushtumi ham bo‘lishi kerak edi.

«Mushtum»dagi o‘tkir maqola, feleton, hajviya va karikaturalar qisqa vaqt ichida juda ommabop bo‘lib ketdi. Abdulla Qodiriyning o‘zi ham jurnalga 10 dan ortiq taxallus bilan ko‘plab maqola, hajviya va feletonlar yozgan. Jurnalda xalqimiz taraqqiyoti, madaniyati, rivoji uchun to‘siq bo‘lgan har bir davrga xos kamchilik va nuqsonlar tanqid qilindi.

Jurnal urush yillarida o‘z etiborini xalqimizning ruhini ko‘taradigan siyosiy plakatlar, rasmlarga qaratdi. Ayniqsa, 50–80 yillar «Mushtum» ning eng rivojlangan davrlari bo‘lgan. Undagi materiallar asosan qishloq xo‘jaligi, sanoat, savdo, fan-texnika ijtimoiy va maishiy mavzudagi maqolalar, rasmlar juda mashhur bo‘lgan.

Foto: O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi

O‘sha davrlarda bu jurnal mamlakatning birinchi raqamli nashri va O‘zbekiston Kompartiyasi MKning organi va davlatning mafkurasi ifodasi hisoblanar edi. Bu o‘ziga xos oddiy mehnatkash xalq uchun minbar vazifasini ham o‘tagan. Shikoyatlar obektiv o‘rganilgan, qonunbuzarlik, nohaqliklarning oldi olingan, aybdorlarga choralar ko‘rilgan, xalq bu jurnalga ishongan.

Nafaqat yosh ijodkorlar uchun, balki xalqimizning ko‘plab avlodiga ma'naviy ozuqa bergan, badiiy va estetik didini shakllantirgan, jonkuyar ustoz, tarbiyachi vazifasini o‘tagan.

O‘z vaqtida «Mushtum» jurnali bir oyda ikki marta chop etilgan, bir oylik umumiy tiraji 1 500 000 dan oshiqni tashkil etggan. O‘zbekistonda deyarli bu jurnal kirib bormagan shahar, qishloq, tumanni, tashkilot va xonadonni topish qiyin bo‘lgan.

Mustaqillik yillarida jurnal tahririyati iqtisodiy muammolar girdobiga tushib qoldi. Uning moddiy-texnika bazasi, kadrlar soni-salmog‘i zamonaviy talablar darajasida qayta shakllantirilmadi.

2017 yilga kelib «Mushtum jurnali «Sharq» NMAK tomonidan atigi 1000 dona atrofida chop etilgani ma'lum.

Albatta, sog‘lom, xolis, obektiv tanqid jamiyat taraqqiyoti uchun mezon hisoblanadi va bu borada qayta tiklanayotgan «Mushtum»ning ahamiyati doim yuqori bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: