Kun.uz sayti orqali yo‘llangan bu murojaat sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilarini befarq qoldirmadi. Sog‘liqni saqlash vazirining shu yil 29 sentyabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan buyrug‘iga asosan kam uchraydigan orfan kasalliklarini davolash uchun dori vositalari va ularni davolash uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritildi.
Endilikda orqa mushak atrofiyasiga chalingan bolalar uchun bir nechta turdagi dori vositalari, aktiv va passiv harakatlar uchun trenajyor, vertikalizator, yo‘tal ko‘chirish moslamasi, burun-oshqozon zondi yoki gastroma, noinvaziv o‘pkaning nafas olish apparati davlat tomonidan bepul beriladi.
Harakatlanishdan to‘xtayotgan, o‘z so‘lagini yutishga, nafas olishga qiynaladigan bolalar uchun bular nechog‘li zarurligini ularning ota-onalari bilishadi, xolos.
O‘zbekistonda har yili 70 nafarga yaqin chaqaloq orqa mushak atrofiyasi kasalligi bilan tug‘iladi va ularning ko‘pchiligi 6 oylik bo‘lguncha qadar yashay oladi. Murojaatni javobsiz qoldirmaganliklari uchun Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova hamda uning jamoasiga xasta bolalarning ota-onalari nomidan minnatdorchilik bildiramiz.
Gulmira Toshniyozova tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.