146 million AQSh dollariga teng ushbu yirik investitsiya loyihasi Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 29 dekabrdagi “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida energobloklarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishiga muvofiq Rossiyaning “Silovyye mashiny” kompaniyasi bilan hamkorlikda bajarildi.
— Bugun yurtdoshlarimiz va muhtaram Prezidentimizning biz energetiklarga 3 yil oldin bildirgan yuksak ishonchlarini oqladik va uzoq muddatga mo‘ljallangan investitsiya loyihasini samarali nihoyasiga yetkizdik, — deb ta'kidlamoqda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdurahmonov. – Bu bilan mamlakatimiz aholisiga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish bilan bir qatorda, stansiyada ishlab chiqarish quvvatlarining barqarorligi ta'minlanadi.
Loyiha doirasida, stansiyada 2019 yilda 3-4, 2020 yilda 5-6 va 2021 yilda 9-10 energobloklar modernizatsiyasi amalga oshirildi.
— Ushbu loyiha Rossiyaning energetika texnologiyalarini ishlab chiqarish sohasida yetakchi bo‘lgan “Silovyye mashiny” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirildi, — deydi stansiya bosh direktori Bahodir Nurdinov. — Bajarilgan ishlar natijasida har bir energoblokning quvvati 300 MVtdan 325 MVtga yetkazildi, 1 kVt soat uchun shartli yoqilg‘i sarfi 40 grammga kamaydi, natijada uch bosqichli modernizatsiya ishlari yakunida yiliga 270 million kubometr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Modernizatsiya qilingan energobloklarning xizmat davri kamida yana 20 yilga oshirilishi ta'minlanadi.
Shuningdek, modernizatsiya jarayonlari natijasida respublikamiz iste'molchilariga elektr energiyasi yetkazib berish ishonchliligi va miqdori oshirilishi bilan birga, yoqilg‘i resurslarini tejash hisobiga aholi, ijtimoiy soha obektlari va iqtisodiyot tarmoqlariga qo‘shimcha tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati paydo bo‘ladi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati Ⓣ