Jahon banki 2021 yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi prognozini 6,2 foizgacha oshirdi

Iqtisodiyot 20:11 / 06.10.2021 19433

O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti joriy va kelgusi yilda o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy hisobotining yangi nashrida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2021 yilda ichki investitsiyalar, xalqaro savdo va pul o‘tkazmalarining tiklanishi iqtisodiyotning 6,2 foizga o‘sishiga, shuningdek, ishsizlik va kambag‘allikning qisqarishiga yordam beradi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining so‘nggi tendensiyalari

2020 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishining 1,7 foizgacha sekinlashuvidan so‘ng 2021 yilning birinchi yarmida YaIM 6,2 foizgacha o‘sdi. Sanoat va xizmat sohasining ishonchli o‘sishi qishloq xo‘jaligining sust o‘sishini qopladi. Uy xo‘jaliklari daromadi va ichki investitsiyalarning o‘sishi, budjet mablag‘larining inqirozga qarshi choralarni amalga oshirish uchun sarflanishi, shuningdek, soliq imtiyozlari 2021 yilda iqtisodiyotning mustahkam o‘sishiga yordam berdi.

Oltin eksporti hajmini qisqartirish bo‘yicha qaror to‘lov balansining joriy balansi taqchilligini 2021 yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotning 10 foizigacha oshirdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili YaIMning 7,3 foizini tashkil etgan edi. Biroq 2020 yilda savdo hamkorlarining mis, to‘qimachilik, o‘g‘itlar, oziq-ovqat va mashinasozlik kabi mahsulotlarga talabi qisqarganidan keyin hozirda ushbu tovarlar eksporti tiklanmoqda.

Eksportning umumiy hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,3 foizga oshdi. Xususiy iste'molning o‘sishi va mashinalar, uskunalar va xomashyoga bo‘lgan talabning tiklanishi hisobiga 2021 yilning birinchi yarmida import 14,3 foizga o‘sdi. Bu savdo balansi taqchilligining 2020 yilning birinchi yarmidagi YaIMga nisbatan 16,2 foizidan 2021 yilning birinchi yarmida 18,8 foizga oshishiga olib keldi. Pul o‘tkazmalarining barqarorligi (2021 yilning birinchi yarmida YaIMning 8,7 foizi) salbiy savdo balansini bartaraf etishga yordam berdi. 2021 yilning birinchi yarmida budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizni tashkil etdi.  

Budjet taqchilligi davlat qarzining o‘sishi hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lsa-da, nominal YaIMning o‘sishi 2021 yilning birinchi yarmida davlat qarzining YaIMga nisbati YaIMning 38,5 foizigacha kamayishiga olib keldi.

Hukumat 2021 yilda 5,5 milliard AQSh dollari chegarasida o‘rnatilgan tashqi qarzlar bo‘yicha cheklovlarga rioya qilishning uddasidan chiqmoqda. Oltin-valuta rasmiy zaxiralari 2021 yil iyulda 34,1 milliard dollarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,8 milliard dollarga ko‘proqdir.

Inflatsiya darajasi 2020 yil iyun oyidagi 14,7 foizdan 2021 yil iyun oyida 11 foizgacha kamaydi. Biroq bu ko‘rsatkich oziq-ovqat narxining o‘sish sur'ati tufayli hali ham ikki xonali raqamligicha qolayotgan edi. Inflatsiya bo‘yicha kutilmalarning noaniqlik darajasini hisobga olib, Markaziy bank bazaviy stavkani 14 foiz darajasida qoldirdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yil sentabr oyidan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.

Iqtisodiyotni kreditlash bo‘yicha yillik o‘sish 2020 yil iyun oyida 34 foiz va 2019 yilda 52 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yil iyun oyida 24 foizgacha sekinlashdi. Bu tendensiya 2021 yilda real kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining balandligi va davlat tomonidan subsidiya qilinadigan kreditlashning qisqarishi hisobiga bank kreditlariga bo‘lgan talabning susayishini ko‘rsatadi.

Bank sektori kapitalining yetarlilik darajasi 2020 yilning iyun oyida 20,8 foiz va 2021 yil yanvar oyida 18,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yil iyun oyida 17,4 foizgacha pasaydi. Bu qisman COVID-19 pandemiyasi tufayli 2020 yil iyun oyida 2,2 foizdan 2021 yil iyun oyida 4,6 foizga oshgan qaytarilmaydigan kreditlarning ko‘payishi bilan bog‘liq edi.

Shunga qaramasdan, O‘zbekiston moliya tizimi ehtimoliy kredit inqirozlarini bartaraf etish uchun yetarli moliyaviy resurslarga ega. 2021 yil 1 avgustdan boshlab moliya sektoridagi xatarlarni va uning dollarlashuvini yanada kamaytirish maqsadida tijorat banklari tomonidan chet el valutasida jalb qilinadigan depozitlar bo‘yicha majburiy zaxira normativi oshirildi. U 14 foizdan 18 foizgacha o‘sdi.

Iqtisodiy tiklanish jarayonida ishsizlik darajasi 2020 yilning birinchi yarmidagi 13,2 foiz va 2020 yil oxiridagi 10,5 foizdan 2021 yilning birinchi yarmida 10,2 foizga pasaydi. Ishsizlik darajasi hozircha pandemiyadan oldingi darajaga yetmagan (9 foiz atrofida) hamda ayollar va yoshlar uchun o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi bo‘yicha prognoz

2021 yilda O‘zbekiston YaIMning o‘sishi 6,2 foizga yetishi kutilmoqda. Ammo pandemiya yangi to‘lqinlarining global va milliy iqtisodiyotga ta'siri davom etayotgani sababli bu prognoz noaniqligicha qolmoqda.

Ichki investitsiyalarning, xalqaro savdoning va xorijda pul o‘tkazmalarining tiklanishi 2021 yilda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirib, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartiradi. 2022 yilda ham mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi yuqori darajada qolib, aholini emlash darajasi tezlashishi va jahon iqtisodiyotidagi uzilishlarning kamayishi bilan 5,6 foizga yetishi kutilmoqda.

Investitsiya loyihalari uchun mashinalar, uskunalar va xomashyo importi tiklanishi va oltin eksportining 2020 yildagi rekord darajadan pasayishi bilan hamda boshqa tovarlar eksportining o‘sishini inobatga olgan holda to‘lov balansining joriy balans taqchilligi 2021 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,9 foizga yetishi kutilmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2021 yilda past darajada qolishi va 2022 yilda qisman tiklanishi kutilmoqda.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga davlat investitsiyalarini kengaytirish, shuningdek, aholini emlash kampaniyasi bo‘yicha xarajatlar 2021 yil oxiriga kelib davlat xarajatlarini yanada oshiradi. Bu budjetga soliq tushumlarining ko‘payishi, foydali qazilmalarni qazib olish va davlat korxonalarini xususiylashtirishdan keladigan daromad hisobiga qoplanadi, bu esa 2021 yilda budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 5,5 foiziga teng bo‘lishiga olib kelishi kutilmoqda. Bu defitsit davlat qarzining o‘sishi hisobidan moliyalashtiriladi, davlat qarzi esa 2021 yilning oxiriga kelib YaIMning 40,6 foizini tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq noaniqlik va 2023 yilga e'lon qilingan QQS stavkasining pasayishi o‘rta muddatli istiqbolda budjet taqchilligiga olib kelishi mumkin. Iqtisodiyotning barqaror tiklanishi, inqirozga qarshi choralarning bosqichma-bosqich bekor qilinishi va soliq bazasini kengaytirishga qaratilgan soliq ma'murchiligi islohotlari budjet taqchilligini kamaytirishga va 2023 yil oxiriga kelib davlat qarzini YaIMning qariyb 42 foizi darajasida barqarorlashtirishga yordam berishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: