Bugun, 2 oktabr kuni Kun.uz’da Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida IIB xodimi vafot etgani haqida xabar berilgandi. Viloyat IIB axborot xizmati mazkur hodisa bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 1 oktabr kuni soat 9:40larda, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-90 Qarshi-Beshkent-Kasbi-Pomuq avtomobil yo‘lining Qarshi tumani hududidan o‘tgan 10-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
2003 yilda tug‘ilgan (haydovchilik guvohnomasiga ega emas) D.X. boshqaruvida bo‘lgan Cobalt hamda 1997 yilda tug‘ilgan D.T. boshqaruvida bo‘lgan «VAZ-2107 Jiguli» mashinasi o‘zaro to‘qnashgan.
Oqibatda, «VAZ-2107 Jiguli» haydovchisi Qarshi tumani IIB HPB Tahlil va muvofiqlashtirish guruhi katta inspektori, katta leytenant Tirkashev Dilshodbek Avaz o‘g‘li og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, «VAZ-2107 Jiguli» yo‘lovchisi, 1996 yilda tug‘ilgan Sh.H. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Qarshi tuman prokuraturasi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.