Xususiylashtirilayotgan bank, qarz bo‘yicha yirik bitimlar – Iqtisodiyot forumida O‘zbekiston qanday bitimlarni imzoladi?

Iqtisodiyot 15:19 / 30.09.2021 18851

Germaniya taraqqiyot banki (KFW) ishtirokida “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida qarz bitimi imzolandi

O‘zbekiston bitimda nazarda tutilgan qarz mablag‘larini iqtisodiyotning barcha sohalariga, shu jumladan, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, qishloq tadbirkorligi va boshqa yo‘nalishlarda barcha tadbirkorlar uchun ajratadi.

Bitimdagi mablag‘lar tarkibidan kredit hajmi (2 foizlik stavka va 30 yillik muddatda; imtiyozli davr – 10 yil) – 26,8 mln yevro, grand mablag‘ esa 3 mln yevroni tashkil etadi.

Moliya vazirligi va Rossiya banki 5 viloyatdagi nasos stansiyalarini ta'mirlash borasida bitim imzoladi

O‘zbekiston Moliya vazirligi va Rossiya Tashqi iqtisodiy banki o‘rtasida imzolangan qarz bitimida "Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish nazarda tutildi.

Loyihaning umumiy qiymati 213,5 mln yevroni tashkil etib, shundan: 146 mln yevro “Vneshekonombank” krediti hisobidan va 31,5 mln yevro O‘zbekiston Respublikasi kapital qo‘yilma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Olmaliq kon metallurgiya zavodi ERP tizimini joriy etish uchun «KPMG Taks end Edvayzori» mas'uliyati cheklangan shirkati bilan shartnoma imzoladi

KPMG va OKMK mutaxassislarining hamkorlikdagi ishlari natijalari asosida ERP (Enterprise Resource Planning) tizimini qo‘llash konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Olmaliq KMK mis va kon mashinalarini ishlab chiqarish borasida Kanada kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi

“Olmaliq KMK” AJ va Kanadaning boshqaruv, loyiha va ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro konsalting kompaniyasi – HATCH o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasi mis mahsulotlari va kon mashinalari ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish maqsadida tuzildi.

Shuningdek, forum doirasida bir qator O‘zbekiston banklari xorijiy banklar bilan kelishuvlar imzoladi, bular:

  •  “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “ISBS STANDARD” PLS (Buyuk Britaniya) bankining kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kelishuvi;
  • “O‘zbekiston Milliy banki” AJ tomonidan xalqaro obligatsiyalarni Rossiya rublida chiqarish yuzasidan investitsion banklar konsorsiumi bilan Memorandum;
  • “O‘zbekiston Milliy banki” AJ va “Sovkombank” (Rossiya) o‘rtasida kredit jalb qilish yuzasidan shartnoma;
  • “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Akbars bank” OAJ (Rossiya) o‘rtasida Savdoni moliyalashtirish bo‘yicha Xadli bitim;
  • “O‘zbekiston Milliy banki” AJga Deutsche Bank A.G. (Germaniya) tomonidan kredit liniyasi ochish yuzasidan kelishuv.

Shu bilan birga, “Poytaxt-bank” ATB xususiylashtirilishi yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Ekspobank” (Rossiya) o‘rtasida kelishuv memorandumi imzolandi.

Ko‘proq yangiliklar: