Manzura buvi shu paytgacha maktablarda, OTMlarda dars bergan. Pensiya yoshida bo‘lsa-da, ustoz bolalarsiz yashay olmaydi, maktab hayotining asosiy qismiga aylangan.
“Mehnat stajim 54 yillik, o‘qituvchilik faoliyatimga 44 yil to‘ldi. 44 yil – bir yigitning umri. Bu muddatda o‘qitgan o‘quvchilarim turli sohalarda ishlab, taraqqiyotga hissa qo‘shyapti”, deydi ustoz.
Manzura Mamasoliyeva haftasiga 27 soat dars beradi, sinf rahbarligi ham bor. U ishlashdan, o‘rganishdan qo‘rqmaydi. Hozir maktablarda kundalik.com tizimida ishlashga o‘tilyapti, Manzura buvi ham bu platformani ishlatishni o‘rganib olgan.
“Boshida qiynaldim, lekin hamkasblarim yordam berishdi. Hozir platformada bemalol ishlayman”, deydi u.
Manzura Mamasoliyeva o‘zi ishlagan 44 yilni tahlil qilar ekan, hozirgi paytga kelib o‘qituvchining obro‘yi pasayganini aytib o‘tdi.
“Oilalarda o‘qituvchiga munosabat qanday bo‘lsa, o‘quvchilarning ham ustozga hurmati shunday bo‘ladi. Shuning uchun ota-onalar uyda muallimning obro‘yini ko‘tarishga harakat qilishi kerak deb o‘ylayman”, deydi Manzura Mamasoliyeva.
75 yoshli o‘qituvchi o‘zbek tilining obro‘yi haqida gapirar ekan, bu masala og‘riqli ekanini qayd etdi.
“Boltiqbo‘yi davlatlarida bo‘lganimda latish tilida gapira olmaganimiz uchun bizga hatto do‘konda narsa sotishmagandi. Keyin tarjimon yollab xarid qilganmiz. Bizda ham o‘zbek tilini yaxshi ko‘radiganlar ko‘p. Biroq tilga bo‘lgan mehr ham ko‘proq oiladagi munosabatga bog‘liq”, deb hisoblaydi ustoz.
Manzura buvining aytishicha, hozir bolalarning tarbiyasiga erkinroq yondashilyapti, bu esa ularga alohida yondashishni talab qiladi.
“Lekin men baribir bolalarsiz yasholmayman. Shuning uchun hali ham ishlayapman. O‘qituvchi ekanimdan faxrlanaman”, deydi Manzura buvi Mamasoliyeva.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Azimjon Vohidov.