Atrofga nazar soling. Ko‘chalar mashinalarga to‘la. Ctatistikaga ko‘ra hozir har ikki oiladan birida avtomobil bor. Bu ijobiy ko‘rsatkich, albatta.
Shu kunlarda yangi avto uchun to‘lov qilib, avtosalonda o‘z navbatini kutayotganlar soni 30 mingdan ortiqni tashkil etar ekan. Vaziyat shu darajaga borib yetganki, avtosalonlardagi navbatlar ham sotilmoqda.
Afsuski, bor-ye, deb qo‘l siltab, xorijdan yangi avtomobil olib kirmoqchi bo‘lsangiz, qariyb shu avto narxiga teng miqdorda boj to‘lash talab etiladi. Bu ishlar milliy avtosanoatni raqobatdan «himoyalash» uchun qilingani isbot talab qilmas aksiomadek gap.
Milliy avtosanoat esa ehtiyojlarni qondira olmayapti. Avto narxlari qimmat ekani, ehtiyojni qondirish va raqobatni ta'minlash uchun xorijiy avtolarga o‘rnatilgan bojni bekor qilish masalasi bot-bot ko‘tarilmoqda.
Ammo bundan ham avvalroq yechilishi lozim bo‘lgan muhimroq vazifa bor — ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtomobillarni qayta rasmiylashtirishga joriy etilgan haddan ziyod davlat bojlarini pasaytirish kerak. Bugun yana shu haqida gaplashamiz.
So‘zimiz avvalida haydovchilardan biri boshidan kechirgan voqea bilan tanishing.
Postda yo‘l-patrul xizmati xodimi uning mashinasini to‘xtatib, hujjatlarni so‘raydi. Hujjatlar bilan tanisha turib, avvaliga ishonchnoma so‘ragan xodim, keyin biroz taajjublanib, «uzr, mashina o‘z nomingizda ekan-a?» deydi. Bu taajjub sababini so‘ralganida «aksariyat haydovchilar bosh ishonchnoma (xalq tilida «gendoverennost») bilan yurishini aytgan.
Xo‘sh, bosh ishonchnoma («gendoverennost») nima o‘zi?
Bu — avtomobilni boshqarish va tasarruf qilish huquqini beruvchi, notarial tasdiqlangan ishonch qog‘ozi bo‘lib, u bilan mashinani boshqarish, mashina egasining nomidan ish ko‘rish, ehtiyoj tug‘ilganda shu qog‘oz bilan avtomobilni boshqa shaxsga sotib yuborish yoxud boshqa shaxsga boshqa ishonchnoma berishini ta'minlovchi huquq.
Mohiyatan, mulk egasi O‘zbekistonda bo‘lmaganda yoki o‘zi ishtirok etishni hohlamaganda uni sotish yoki tasarruf etish uchun boshqa shaxsga bosh ishonchnoma berilishi kerak. Xususan, uy va kvartiralar oldi-sotdisi masalasida bu qog‘oz shunday ishlaydi.
Lekin avtomobilni o‘z nomiga oldi-sotdi shartnomasi orqali rasmiylashtirib olish qimmatga tushishi sabab odamlar avtomobillarni bosh ishonchnoma orqali «xarid» qilishga majbur bo‘lmoqda.
Ikkilamchi avtobozordan avtomobil xarid qilingach, uni xaridorning nomiga rasmiylashtirish avtosalondan xarid qilingan yangi avtomobilni rasmiylashtirishdan karrasiga qimmatroqqa tushadi. Bu borada sizni eng avvalo notarial idoradagi ortiqcha xarajatlar kutib turibdi.
Notarial idoradagi rasmiylashtirish xarajatlari
Notarial idorada oldi-sotdi shartnomasi imzolanishi uchun qancha xarajat qilinishini bilasizmi? Quyidagi jadvalda davlat boji qanday hisoblanishi keltirilgan.
1. Davlat boji qiymati sotib olingan avtomashinaning ishlab chiqarilgan sanasi va dvigateli quvvatiga bog‘liq. U BHMning 2 barobari (540 000 so‘m)dan 10 barobari(2 700 000 so‘m)gacha bo‘lishi mumkin.
2. So‘ngra BHMning 10 foizi — 27 000 so‘m miqdorda gerb yig‘imi olinadi.
3. Huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilgani uchun BHMning 40 foizi miqdorida — jami 108 000 so‘m to‘lov qilinadi.
4. Taqiq bor-yo‘qligi tekshirilgani uchun yana 40 500 so‘m.
5. Vaziyatga qarab boshqa qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilgani uchun kichik to‘lovlar ham paydo bo‘lishi mumkin.
Ya'ni avtomashina oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish mashinaning eski-yangiligi va dvigateli quvvati (ot kuchi)ga qarab, 715 500 so‘mdan 2 875 500 so‘mgacha tushadi.
Xuddi shu kabi turar joy oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish qanchaga tushadi? Bunda ham dastlab davlat boji undiriladi.
Qolgan notarial harakatlar to‘lovi xuddi avtomashina rasmiylashtirish kabi.
Uy oldi-sotdisini rasmiylashtirish uyning qayerda joylashgani va maydoniga qarab, sizga 310 500 so‘mdan 985 500 so‘mgacha tushishi mumkin.
Endi tasarruf etish va sotish huquqi bilan beriladigan bosh ishonchnomani ko‘rib chiqamiz.
Avtomashinalarni rasmiylashtirishda yaqin qarindoshlar uchun belgilangan davlat boji BHMning 50 foizi — 135 000 so‘m. Qolgan notarial harakatlar uchun to‘lov bilan qo‘shib, jami — 310 500 so‘m.
Boshqa jismoniy shaxslarga esa BHMning 3 barobari — 810 000 so‘m. Qolgan notarial to‘lovlar bilan jami xarajat — 985 500 so‘m.
Ko‘chmas mulkni rasmiylashtirishda yaqin qarindoshlari uchun BHMning 25 foizi — 67 500 so‘m. Qolgan notarial to‘lovlar bilan birga jami xarajat — 243 000 so‘m.
Boshqa jismoniy shaxslarga esa BHMning 50 foizi — 135 000 so‘m. Bunga qolgan notarial to‘lovlar bilan birga jami xarajat — 310 500 so‘m.
Ko‘ryapsizmi, avtomashinadan qimmatroq bo‘lgan kvartira yoki uy oldi-sotdi shartnomasini yoki tasarruf etish huquqi bilan beriladigan ishonchnomani rasmiylashtirish ancha arzonroqqa tushmoqda.
Bu hali hammasi emas. Agar avtomobil oldi-sotdi shartnomasi orqali sotilsa, notariusdagi to‘lovlardan tashqari sizni hali yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi — xalq tilida «GAI»da ham notariusda sarflanganidan kam bo‘lmagan xarajatlar kutib turibdi (Darvoqe, avtomobil agar bosh ishonchnoma orqali «xarid» qilinsa, buning uchun «GAI»da to‘lovlar yo‘q. Boz ustiga, ishonchnomani DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish ham bekor qilingan).
Avtomobilni DYHXXda qaydga qo‘yish xarajatlari qanchaga tushadi?
DYHXXda avtosalondan olingan yangi avtomashina uchun avtomobilni qayd etish guvohnomasi (texpasport) uchun BHMning 70 foizi— 189 000 so‘m, davlat raqam belgisi uchun BHMning 150 foizi — 405 000 so‘m to‘lanadi; bunga yana BHMning 10 foizi — 27 000 so‘m ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov bor. Jami to‘lov — 621 000 so‘m (Agar avtoraqam onlayn auksion orqali xarid qilingan bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi).
Ishonchnomalar va bosh ishonchnomalarni DYHXX organlarida qayd etganlik uchun to‘lov yo‘q. Ishonchnomalar notarial idora bazasi orqali DYHXX bazasiga kelib tushadi.
Endi oldi-sotdi shartnomasi bilan bozordan xarid qilingan avtomobilni o‘z nomiga rasmiylashtirish xarajatlari bilan tanishing.
Bu bojdan tashqari, yuqoridagi kabi avtotransport vositasini rasmiylashtirish uchun 621 000 so‘m to‘lov ham qilinadi (Farqi — eski avtomashinalar texnik ko‘rikdan ham o‘tkaziladi, xarid qilingan avtomobilning davlat raqam belgisi saqlab qolinadigan bo‘lsa, to‘lovning 50 foizi amalga oshiriladi).
Yuridik tashkilotlar o‘rtasidagi avtomashinalar ham xuddi shu singari rasmiylashtiriladi, faqat pul sotayotgan yoki xarid qilayotgan tashkilotning hisob raqamidan pul ko‘chirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Biroz hisob-kitob
Samarqand shahridagi notarial idoralardan birida bo‘lganimizda, mijozlardan biri 2020 yilda ishlab chiqarilgan «Malibu» avtomashinasini rasmiylashtirish notariusda 2 mln 790 ming so‘mga, DYHXXda 5 mln 800 ming — jami 8 mln 590 ming so‘mga tushayotganini kuyinib gapirdi.
Bosh ishonchnoma rasmiylashtirayotgan boshqa bir mijoz umumiy xarajat hechqursa 2 mln so‘m atrofida bo‘lganida, barcha xaridorlar avtomobilni o‘z nomiga rasmiylashtirib olishini ta'kidladi.
Ikkita misol keltiramiz.
1980 yilda ishlab chiqarilgan, 75 ot kuchiga ega eski «Moskvich-412» avtomashinasining narxi bozorda 4,5–5 mln so‘m atrofida. Uni oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtirish xarajatlari notarial idorada 985,5 ming so‘mga, DYHXX organlarida davlat ro‘yxatiga olish 621 ming so‘mga, davlat boji esa 1 mln 215 ming so‘mga — jami 2 mln 821,5 ming so‘mga tushmoqda.
2013 yilda ishlab chiqarilgan, 106 ot kuchiga ega, bozor bahosi 55 mln so‘m atrofidagi «Nexia-2 DOHC» avtomobilini rasmiylashtirish notarial idorada 985,5 ming so‘mga, DYHXX organlarida davlat ro‘yxatiga olish 621 ming so‘mga, davlat boji esa 1 mln 749 ming so‘mga — jami 3 mln 355,5 ming so‘mga tushmoqda.
Masalan, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mitti «Labo» yuk mashinasi hisoblanadi. Endi uni rasmiylashtirishda qancha davlat boji to‘lanishini bir hisoblab ko‘ring-a!
Xo‘sh, ikkilamchi avtobozorda bunday chalkash vaziyat yaratilishining boisi nima?
Avtomashina oldi-sotdisiga o‘rnatilgan bunday qimmat bojlar uchun nega arzirli bir izohning o‘zi yo‘q? Yoki mahalliy budjetlarni mablag‘ bilan to‘ldirishning bir usulimi bu? Shunday degan taqdirimizda ham, aksariyat xaridorlar rasmiylashtirishni chetlab o‘tmoqda-ku? Budjetga ko‘zlangan tushum tushmayapti.
Undan ko‘ra, bojni pasaytirib, avtomobillarni yoppa o‘z nomiga rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilsa bo‘lmaydimi?
Odamlarda avtosini bosh ishonchnoma vositasida «sotish» yoki «xarid qilish»dan boshqa iloj qolmayapti. Qonunan, bu holatda mashinaning mulkdori o‘zgarmaydi. Ammo o‘sha mulkdor uchun ham, xaridor uchun ham juda katta risklar, davlat organlari uchun esa bir qator noqulayliklar vujudga kelmoqda.
Maqolaning birinchi qismiga shu yerda nuqta qo‘yamiz. Uning ikkinchi qismida bosh ishonchnoma odamlarga yetkazayotgan xavf, zarar va noqulayliklar haqida fikrlashamiz.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.