30 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Ma'lum qilinishicha, hujjatga muvofiq 9ta qonunga: «Prokuratura to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi, «Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida»gi, «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, «Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi qonunlar hamda Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan «2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish» Davlat dasturining 25-bandida belgilangan vazifalarning to‘laqonli amalga oshirilishida zarur huquqiy baza mustahkamlanishi kutilmoqda.
Qonun prezident tomonidan imzolangach, hujjatning o‘zida belgilangan muddatda kuchga kiradi.