Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan, javobgar er A.B. qaramog‘ida qolgan ikki nafar farzandni turmush o‘rtog‘i Z.B. tarbiyasiga olib berish belgilangan. Sud qarori bo‘yicha MIB Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.
Qayd etilishicha, joriy yil 28 sentabr kuni javobgar A.B. davlat ijrochisiga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qilib, bolalarni turmush o‘rtog‘i da'vogar Z.B.ga ixtiyoriy ravishda topshirishini va u bilan yarashishga qaror qilganini bildirgan. So‘ng davlat ijrochilari turmush o‘rtog‘ini uyiga taklif etgan.
Davlat ijrochilari hamda da'vogar Z.B. manzilga yetib kelgach, A.B. xotiniga yarashish va birga yashashni taklif qilgan. Ammo Z.B. bu taklifni rad etgan. Xotinidan rad javobini olgan A.B. uydan oshxona pichog‘ini olib chiqib, ayolga va uning akasi T.N.ga ham bir necha marta sanchgan.
Oqibatda Z.B. va T.N. og‘ir tan jarohatlari bilan Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, ayolning akasi T.N. vafot etgan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. A.B. gumonlanuvchi tariqasida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.