Kitob hokimi tadbirkorning mas'uliyatsizligi uchun qaytarib olingan yerni 2 yil o‘tib yana uning o‘ziga berdi. Boshqa tadbirkor esa xarajatiga kuyyapti

Jamiyat 18:14 / 29.09.2021 1569

Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumanida yashovchi tadbirkor tuman hokimi tomonidan berilgan 40 sotix yer nohaqdan qaytarib olingani uchun moddiy va ma'naviy zarar ko‘rayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ma'lum bo‘lishicha, tuman hokimi mas'uliyatsizlik qilgan tadbirkordan 2019 yilda qaytarib olingan yerni 2 yil o‘tib yana uning o‘ziga bergan. O‘sha yerga mablag‘ sarflagan boshqa tadbirokor esa xarajatiga kuyyapti.

Tuman hokimligi axborot xizmatining munosabatida ma'lum qilinishicha, murojaatda aytilgan joy Kitob tumani «Saroy» MFY Yangiobod qishlog‘i (Oxunboboyev massivi qishloq xo‘jalik xaritasining 321a konturi)da joylashgan. Tuman hokimining 2015 yil 30 dekabrdagi qarori bilan 4 980 metr kvadrat (49,8 sotix) yaylov yer maydoni to‘yxona qurish uchun fuqaro E.Ibragimovga ajratib berilgan.

Qayd etilishicha, Yer kodeksinig tegishli moddalariga asosan, qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkalaridan 2 yil muddatda foydalanilmaganda ajratilgan yer maydonining zaxira yer fondiga qaytarilishi belgilanganini hisobga olib, tuman hokimining 2019 yil 13 iyuldagi qaroriga ko‘ra, fuqaro E.Ibragimovga ajratilgan yer maydoni tuman yer zaxirasiga o‘tkazilgan.

Munosabatda yozilishicha, tuman hokimining 2019 yil 20 iyuldagi qarori bilan mazkur 40 sotix yer maydoni yong‘oqzor va bodomzor tashkil etish uchun dehqon xo‘jaligi sifatida A.Muhammadiyevga ajratib berilgan. Ushbu dehqon xo‘jaligi 2019 yil 26 iyulda yuridik shaxs sifatida Kitob tumani davlat xizmatlari markazidan «Aliyeva Dinara Alimardonovna» nomi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. A.Muhammadiyev bu yerda mevali daraxt ko‘chatlarini ekkan, issiqxona va 3x4 metr o‘lchamda 1 xonali imorat qurgan.

«Yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga kelishi, Yer kodeksining 33-moddasida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi guvohnoma yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat hisoblanishi qayd etilgan. Vaholanki, «Aliyeva Dinara Alimardonovna» dehqon xo‘jaligi rahbari A.Muhammadiyevda yer maydoniga egalik qiluvchi huquqni tasdiqlovchi biron-bir hujjat mavjud bo‘lmagan», deyiladi munosabatda.

Ta'kidlanishicha, 2021 yil 26 may kuni Kitob tuman prokurori fuqaro A.Muhammadiyevga dehqon xo‘jaligi uchun yer ajratish haqidagi tuman hokimining 2019 yil 13 iyuldagi qarorini bekor qilish haqida protest keltirgan. Shundan so‘ng Kitob tumani hokimining 2021 yil 23 iyundagi qarori bilan A.Muhammadiyevga dehqon xo‘jaligi uchun yer ajratish to‘g‘risidagi 2019 yil 13 iyulda chiqarilgan qaror bekor qilingan. 2015 yil 30 dekabrda imzolangan E.Ibragimovga to‘yxona binosi qurish uchun yer ajratish qarori o‘z kuchida qoldirilgan.

Shundan so‘ng fuqaro A.Muhammadiyev Qarshi tumanlararo ma'muriy sudiga murojaat qilgan. Joriy yil 30 avgustda o‘tkazilgan sud majlisida arizachi A.Muhammadiyevning Kitob tumani hokimligiga nisbatan tuman hokimining 2021 yil 23 iyundagi qarorini haqiqiy emas deb topish va uni bekor qilish to‘g‘risidagi shikoyati rad etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: