Andijonda bir sudya ikki marta haqoratga uchradi

Jamiyat 20:25 / 29.09.2021 10664

Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov ikki voqea tafsilotlarini Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Birinchi holat

U.A. 2020 yil 6 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga kelib, sudya G‘.Obidinovning ish yurituvidagi aliment masalasida kiritilgan da'vo arizasi yuzasidan o‘z xizmat burchini bajarayotgan vaqtda uning sha'ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlab haqorat qiladi.

Xususan, 2020 yil 3 avgust kuni Andijon tumanlararo sudiga da'vogar F.I.ning javobgar S.T.ga nisbatan bir nafar farzandiga otalikni belgilash va aliment undirish haqidagi da'vo arizasi kelib tushadi. Ish yuzasidan o‘tkazilgan sud majlisida taraflar DNK ekspertizasi o‘tkazishni so‘raydi. Ekspertiza tayinlash jarayonida javobgar S.T.ning onasi U.A. sudga kelib sudya G‘.Obidinovni kurakda turmas so‘zlar bilan haqorat qiladi. Buning oqibatida U.A.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudida ko‘rib chiqilib, yakunda sudning 2021 yil 7 yanvardagi hukmi bilan U.A. JKning 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan BHMning 6 baravari miqdorida (1 mln 338 ming so‘m) jarima jazosi tayinlanadi.

Ikkinchi holat

Fuqarolik ishida taraflardan biri bo‘lgan F.X. 2021 yil 19 aprel kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi sud majlisi zalida ish bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarori sudya G‘.Obidinov tomonidan o‘qib eshittirilgandan so‘ng norozi bo‘lib, xizmat burchini bajarayotgan sudyaning sha'ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlab, uni haqorat qiladi.

Ushbu holat bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish sudda ko‘rib chiqiladi. JIB Andijon shahar sudining 2021 yil 14 iyuldagi hukmi bilan F.X. 140-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan sutkaning soat 21:00 dan 6:00 ga qadar bo‘lgan vaqtda yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanadi.

Shuningdek, sudlanuvchiga

– mahkumni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik;

– spirtli va giyohvand moddalari iste'mol qilmaslikdan iborat qo‘shimcha taqiqlar belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: