MasterCard - iste'molchilar foydasini ko‘zlagan xavfsiz to‘lov tizimi

Business class 20:00 / 26.09.2021 390490

Yaqinlaringiz sizga xorijdan o‘sha davlat valutasida mablag‘ o‘tkazishdi. Buning uchun siz bankka borib navbat kutishni va pulni olgach uni o‘z valutangizga almashtirishni o‘ylamaysiz. Kartaga tushgan pulni istalgan vaqtda, istalgan valutada eng yaqin bankomatdan naqdlashtirib olish mumkin.

MasterCard nima o‘zi?

MasterCard — dunyoning 210 ta davlatida 22 mingta moliyaviy tashkilotni birlashtiruvchi xalqaro to‘lov tizimi. Kompaniya bosh qarorgohi AQShning Nyu-York shtatida joylashgan. 1966 yilda tashkil topgan MasterCard kompaniyasi dunyodagi eng tan olingan brendlardan bo‘lib, u tezkor xarid qilish qobiliyatini, butun dunyo bo‘ylab depozitlarga kirish qulayligi va xavfsizligi, shuningdek, to‘lovning moslashuvchan variantlarini ifodalaydi.

MasterCard kartalari dunyo bo‘ylab millionlab joylarda qabul qilinadi. U bilan to‘lovlarni amalga oshirish uchun bir necha soniya kerak, xolos. To‘lov tizimi orqali bir yilda 22 mlrd.ga yaqin operatsiyalar amalga oshiriladi.

 

MasterCard nimadan va qanday daromad qiladi?

Tizim dunyoning 210 dan ortiq davlatida hukumatlar, korxonalar, tadbirkorlar, moliya institutlari va oddiy iste'molchilarni o‘zaro bog‘lab turuvchi rishta hisoblanadi.

MasterCard daromadining asosiy manbai bu — emitentlarga har bir kartadagi pul hajmiga qarab dollar miqdorida narxlanadi. Ya'ni, bu emitentlar tijorat banklari, korxonalar va davlatlar bo‘lishi mumkin. Masalan, har bir tranzaksiya uchun tijorat banklaridan muayyan komissiya to‘lovi undiriladi.

Oddiy iste'molchilardan esa hech qanday to‘lov olinmaydi.

MasterCard brendi an'anaviy bankomat kartalarini takomillashtirib, karta egalariga dunyoning qaysi burchagida bo‘lishidan qat'i nazar, pullarini xavfsiz saqlash va ishlata olish imkoniyatini beradi. Kompaniyaning to‘lov tizimida dunyo bo‘ylab 30 mln.ga yaqin sotish tarmoqlari ulangan. Kompaniya mijozlarini turli imtiyozlar, bonuslar va chegirmalar bilan tez-tez siylab turishi uning mijozlari yanada ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

 

Firibgarlardan himoyalangan xavfsizlik

2020 yilning aprel oyida MasterCard tizimiga hakerlar hujumi uyushtirildi. Shundan so‘ng 2021 yilda MasterCard shaxsni tasdiqlovchi tizim Ekata kompaniyasini 850 mln dollarga sotib oldi va bu bilan o‘z xavfsizligini yanada barqarorlashtirdi. Ekata dasturiy interfeys yoki maxsus xizmatlar orqali tizimdagi xavfsizlikni ta'minlaydi. Ya'ni, firibgarlar kartani qo‘lga kiritgan taqdirda ham undagi 16 talik raqam va amal qilish muddati bilan hech qanday natijaga erisha olishmaydi. Ekata mijozning shaxsiy ma'lumotlarini tekshirish orqali uning pullarini himoyalaydi.

Kompaniya yaqinda 2024 yildan boshlab chip, pin kod va barmoq izlaridan foydalanadigan yangi biometrik kartalarni yo‘lga qo‘yishini ma'lum qildi.

 

MasterCard logotipi o‘zgarmaydi

Biznesda muvaffaqiyat omadli belgilar orqali ham kelishi mumkin. MasterCard bilan xuddi shunday bo‘lgan. Kesishgan qizil va sariq doiralar 50 yildan beri uning ramzi bo‘lib kelmoqda. Zamonaviy va sodda dizayndagi logotip kompaniyani butun dunyoga tanitdi. Kompaniya 2019 yilda o‘z logotipini o‘zgartirmoqchi bo‘ldi va foydalanuvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Shunda 80 foiz ishtirokchi MasterCard nomini eshitmasdan turib uning logotipini tanishini aytgan va shundan keyin logotip o‘zgarishsiz qoldirilgan. Chunki belgining o‘zgarishi mijozlarni chalg‘itishi mumkin edi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi: Mahmud Soliyev

Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: