VISA va MasterCard Rossiya bozorini tark etishi mumkin. Bu nimani anglatadi?

Iqtisodiyot 19:00 / 14.07.2019 21376

Rossiya parlamenti xalqaro to‘lov tizimlaridan voz kechishni ko‘rib chiqmoqda. Tashabbuskor deputatlar taklif qabul qilinsa, Rossiya tashqi moliyaviy amaliyotdan izolyatsiya qilinishini ta'kidlamoqda. Shundan keyin, valuta xaridi bo‘yicha cheklov qo‘yiladi, xolos. Bu holat sizga tanishmi?

«O‘zimiz yaratamiz»

«Milliy, o‘ziga xos va mos yo‘lni tanlagan davlatlar» jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy integratsiya qilishda qiynaladi. Rossiya 2014 yildan buyon o‘zining milliy to‘lov tizimi ustida ish olib boradi. G‘arb sanksiyalari kuchayib ketishi oqibatida milliy tizimni ishga tushirish alohida zaruriyatga aylandi.

Ayni sanksiyalar qo‘llangan bir pallada —  2014 yilning bahorida rus deputatlari «Milliy to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritishni taklif etishgandi. Unga ko‘ra, VISA va MasterCard tizimlari ikki kunlik aylanma jamg‘armasiga teng summani Rossiya Markaziy bankida ochilgan maxsus hisobda saqlashi lozim edi. VISA shartni qabul qilmay, shunchaki Rossiya bozorini tark etishga tayyor ekanligini bildirgan, ikkinchi tizim esa muzokaralar stoliga o‘tirdi.

Qonunchilikni o‘zgartirish bandlari biroz yumshadi: maxsus hisobga qo‘yilishi lozim bo‘lgan summa miqdori aniq belgilanmadi va xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyada sho‘'ba korxonalar orqali ishini davom ettirishga ruxsat oldi. O‘tgan yillar oralig‘ida ishga tushirilgan «Mir» rus milliy to‘lov tizimi ommalashmadi. Sanksiyalar fonida aholi o‘z mablag‘larini ishonchli xalqaro to‘lov tizimida saqlanishini ma'qul ko‘rdi.

Shuningdek, «Mir» kartalarini qabul qiluvchi shoxobchalar, bankomat va terminallar soni ma'muriy buyruqbozlik bilan oshirilganiga qaramay, bu kartalar Rossiyadan tashqarida, amalda, ishlamasdi.

RF MB vakillari esa bo‘sh kelmadi: 2018 yil 1 iyuldan boshlab, budjetdan maosh oladigan barcha xodimlarning ish haqi «Mir» kartalariga o‘tkazildi. 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, plastik karta egalari «Mir» kartasiga ko‘proq murojaat eta boshladi. Milliy to‘lov tizimiga ulangan kartalar 12,5 foizdan 24,5 foizga oshgan bo‘lsa, VISA 45 foizdan 39,5 foizga, MasterCard esa 42dan 36 foizga tushdi.

Sobiq Sovetdan meros qolgan tamoyil — «ixtiyoriy-majburiylik» asosida ko‘rilgan tadbirlar samara berganiga xursand bo‘lish o‘rinsiz bo‘ladi. Majburiylik asosida ko‘rilgan tadbirlar tizimni yaxshilamaydi, u raqobatni yo‘qqa chiqaradi. Sovet mashinasozligi va elektrotexnika ishlab chiqarishi tajribasi bunga misol bo‘la oladi.

Tashqi ta'sirdan himoyalanish

Bozor qoidalarga xos bo‘lmagan holda yangilikni joriy etish, aslida, kutilayotgan muammolar oldida hech narsa emas. Masalan, mahalliy bozordan xorijiy kompaniyalarni siqib chiqarish, qonuniy taqiqlarni joriy etish masalasi og‘riqli asoratlarni qoldirishi tayin. Yangi tahrirdagi «Milliy to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonunda ta'kidlangan talablarni xorijiy to‘lov tizimlari bajara olmasligi aniq, ko‘rinib turgan haqiqat. Shu bilan ular rus bozorini tark etadi. «Mir»  kartalari esa xorijda qabul qilinmaydi, xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyada ishlamay qoladi.

Aslida «Mir»ning tayyorgarligi ortida iqtisodiy manfaat ko‘zlanmayotganini tushunish mumkin. Rossiya ham Eron kabi kuchli sanksiyalarga dosh berishga intilmoqda.  AQSh-Eron masalasida Xitoy banklari ham G‘arb tomonda turib, bayroq xilpiratganini inobatga olib, xulosa qilinsa, milliy to‘lov tizimini mustahkamlash Rossiya uchun, avvalo, Putin hokimiyati uchun haqiqiy zaruriyat.

Tizimlar to‘qnashuvi yana bir holatga yetaklashi, yangi masalani kun tartibiga olib chiqishi mumkin: naqd xorijiy valutani xarid qilish, sotish va saqlashni nazorat qilish kerakmi? Negaki, chet elga chiqmoqchi bo‘lgan har qanday shaxs xalqaro tan olingan valuta ko‘rinishida zaxira jamg‘aradi. Agar xalqaro to‘lov tizimlari ishlamasa, fiskal siyosat soyada qolib, munosabatlar naqd ko‘rinishida davom etishi kerak.

Bularning barcha sodir bo‘lmasligi, yana 2014 yili xalqaro to‘lov tizimlari eplagandek, muzokaralar tashkil etilishi mumkin. Shunda vaziyat tubdan o‘zgaradi.

«Mir» va O‘zbekiston

Hozircha «Mir» va O‘zbekistondagi Uzcard tizimlari o‘rtasida to‘siqsiz transchegaraviy to‘lovlar bo‘yicha kelishuv imzolangan. Bu bilan ikki  to‘lov tizimlari foydalanuvchilari tranzaksiyalar o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston to‘lov tizimlarini integratsiya qilish davri mobaynida ikki to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi «Uzcard-Mir» kobeydjing kartalarini muomalaga chiqarish rejalashtirilmoqda.

2019 yil O‘zbekistonda ishga tushirilgan ikkinchi milliy to‘lov tizimi —  HUMO'ning qisqa muddatda 100 ming foydalanuvchisi paydo bo‘ldi. Tizimning ustunligi kontaksiz texnologiyadan foydalangani bo‘lib qolmoqda.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda VISA yo MasterCard kabi xalqaro to‘lov tizimlari ish boshlashi haqida Markaziy bank rasmiy ma'lumot tarqatmagan. Faqat «Ipak Yo‘li» AITB MasterCard International’ga prinsipial a'zo bo‘lish jarayonini boshlab yuborgani haqida ma'lumotlar mavjud. Ya'ni banklar xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyani boshlashdan manfaatdor bo‘lmoqda.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: